Rasul Kusherboyev: “Men hamma narsaga “qarshi”, “yomon” deputatman”
Jamiyat
−
18 aprel 2020
18944Yaqinda Namanganda shahar kengashi deputati hamda ichki ishlar xodimlari o‘rtasida nizoli vaziyat sodir bo‘ldi. Unda 2020 yil 15 aprel kuni soat 21:45 larda Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati T.M. o‘ziga tegishli bo‘lgan Matiz rusumli avtomashinasida sherigi bilan birga Yangiqo‘rg‘ondan kelayotib, “Qizilko‘prik” postidan Namangan shahriga kirmoqchi bo‘lganida IIB xodimi tomonidan to‘xtatilgani va hujjatlar ko‘zdan kechirilganda avtomashina majburiy sug‘urta qilingan sana ko‘rsatilgan muddatidan o‘tib ketgani aniqlangani aytilgan.
Deputatning mashinasi jarima maydoniga olib ketilishi vaqtida orada tortishuv yuzaga kelgan. Hozirda ushbu holat katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur voqea yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
“Ichki ishlar vazirligining internet tarmog‘idagi rasmiy sahifasida “bosar tusarini bilmay qolgan deputatlar haqida”gi videoni ko‘rdik va tegishli xulosalar chiqardik.
Besh daqiqalik videoda kamida 13 marta “deputat” so‘zi tilga olinibdi. “Deputat” fuqaro emas va uning huquqbuzarligiga fuqaro sifatida emas, deputat sifatida baho berilmoqda.
Ichki ishlar targ‘ibot yo‘nalishida huquqbuzarlarni fuqaro sifatida emas, jamiyatda egallagan mansab va darajasiga qarab yoritish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan ko‘rinadi. O‘ylashimcha, yaqin vaqtlarda “bosar tusarini bilmaydigan “tadbirkor”, “prokuror”, “hokim”, “soliqchi”, “militsiya” kabi videolar ham chiqsa kerak, agar tenglik va ajratish bo‘lmasa, albatta. Chunki hamma ham odam, xato qilishi mumkin. Ko‘ramiz”, deydi deputat.
Kusherboyev, shuningdek, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga tashakkurini bildirayotib, videodagi holatni bayon etishda barcha darajadagi deputatlarga nisbatan shunday baho berishga urinish borligini aytadi.
“Vodiydagi mahalliy Kengash deputatlarining qilgan huquqbuzarliklarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi va men ham o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan bunday munosabatni toqat qilib bo‘lmas holat, deb bilaman. Deputatmi boshqami hamma qonunga bo‘ysunishi shart. Va mana shunday sinovli kunlarda jamiyatda tartibni saqlash, karantin tadbirlarini tashkil etishda ichki ishlar xodimlarining katta xizmat qilayotganligini ko‘rib, bilib turibmiz. Ularga ham osonmas. Ular orasida mening ham ko‘plab do‘st-birodarlarim bor, barchasining otasiga raxmat!
Biroq videodagi holatni bayon etishda barcha darajadagi deputatlarga nisbatan shunday baho berishga urinish bor, go‘yoki shu yo‘l bilan “bir humoridan chiqmoqchi” bo‘lgan kimdir”.
Rasul Kusherboyev videoda shifokorlarning yonini olgan Oliy Majlis deputatining “Xalq so‘zi” gazetasi internet saytida e’lon qilgan munosabatini umuman kerakmas joyda majburan tiqishtirib tilga olinayotgani kimga va nimaga kerak bo‘lib qolganini savol ostiga oladi. Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida transport vositalarini ushlab turish asoslari keltirib o‘tilgan bo‘lib, unda ushbu kodeksning 54-moddasi talablari, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun transport vositalarini vaqtincha ushlab turish keltirilmaganligini eslatadi.
“Eng qizig‘i, videoda shifokorlarning yonini olgan Oliy Majlis deputatining “Xalq so‘zi” gazetasi internet saytida e’lon qilgan munosabatini umuman kerakmas joyda majburan tiqishtirib, tilga olinayotgani kimga va nimaga kerak bo‘lib qoldi? Bular boshqa-boshqa holat-ku. Bilmadim-u, bundan yana bir nimaning hidi kelayapti. Lekin “zakaz” demadim hali.
Oliy Majlis deputatining ushbu munosabatidagi faktlarni men ham isbotlashga tayyorman, odamlar deputatga chiqishi tabiiy, biroq qo‘y, karantin vaqtida og‘irroq bo‘laylik, hozir nozik vaqt, deb turibmiz. Ammo kimlardir vaziyatdan foydalanib “tosh ot, tosh ot” o‘yini qilayotganligi ta’bni xira qilayapti.
Videoda IIV mas’ullari qonunlarni tilga olib deputatlar ham unga rioya etishi kerakligini qayta-qayta eslatibdi. Bo‘larkanu mana, buning uchun ularga katta rahmat va fursatdan foydalanib men ham ichki ishlar mas’ullaridan bir narsani eslatib, so‘ramoqchi edim.
Gap shundaki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida transport vositalarini ushlab turish asoslari keltirib o‘tilgan bo‘lib, unda ushbu kodeksning 54-moddasi talablari, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun transport vositalarini vaqtincha ushlab turish keltirilmagan. Bundan kelib chiqadiki, joylarda karantinga rioya etmaganlik sababidan avtomobillarni jarima maydonlariga tiqib qo‘yish noqonuniydir. U yerda turgan har bir kun uchun to‘lov ham bor. Negadir bunga ko‘z yumishga harakat qilinayapti. Kodeks bu – qonun. Qaror, topshiriq, buyruqlar qonundan ustunmas.
IIV yuqorida eslatib o‘tgandek, endi men ham qonunga ko‘ra, deputat sifatida bunday qonunbuzilishiga chek qo‘yishni talab qilib chiqsam, mening qonuniy talabim yo karantin tadbiriga qarshi targ‘ibot, siyosatga qarshilik, “populizm” degan gaplar bilan bayroq qilinadi. Shunday bo‘xtonlar bilan mendan dushman yasab rahbarlarga kirib yomonlanadi: men hamma narsaga qarshi, tushunmaydigan, yomon deputatman. Shunday emasmi?
Yo‘q, endi deputat sifatida men ham talab qildim, qonunga barcha bo‘ysunsin! Zero, ichki ishlar xodimining ham deputatning ham qonuniy talablariga buysunmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi va fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib keladi.
Qani bo‘lmasam yo qonun talabiga bo‘ysunib, noqonuniy harakat qilishga chek qo‘yaylik yoki noxolis, “populist”, o‘qimagan, yomon deputat, deb mendan “fil” yasaylik.
Aslida, shunday kunlarda og‘irroq bo‘laylik, “tosh ot, tosh ot” qilmaylik deb yurgandim. Adashibman shekilli, lekin haliyam shu – og‘irroq bo‘laylik”, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev.
LiveBarchasi