Rasman: Jamshid Xo‘jayev Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘ldi
Jamiyat
−
17 iyul 2022
9890O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Jamshid Abduhakimovich Xo‘jayev Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jamshid Xo‘jayevning nomzodi joriy yilning 16 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qo‘llangan.
Tayinlovdan oldin Jamshid Xo‘jayev Qishloq xo‘jaligi vazirligiga rahbarlik qilib kelgan. Ushbu lavozimdan oldin u 2017 yildan 2019 yilgacha Tashqi savdo vaziri bo‘lib ishlagan. Undan avval esa O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib, g‘aznachilik, tashqi iqtisodiy faoliyat, axborot texnologiyalari, loyihaviy moliyalashtirish va boshqa departamentlar ishini muvofiqlashtirgan.
Shuningdek, u Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari – Davlat byudjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini tashkil qilish, uning faoliyatini tartibga solishning to‘laqonli me’yoriy-huquqiy bazasini ishlab chiqish, shuningdek Jamg‘arma resurs bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan.
2021 yil 10 sentyabrdan boshlab Jamshid Xo‘jayev Toshkent Davlat agrar universiteti rektori vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Sardor Umurzoqov O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari etib tayinlandi.
LiveBarchasi