Rasman: Yulduz Usmonova masalasi yopildi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova mamlakat ichki ishlar tizimi xodimlarini haqoratlaganiga bir oy to‘lgani, bu vaqt ichida u jazosiz qolayotgani haqida xabar bergan edik. Vaholanki, Ichki ishlar vazirligi xonandaning haqoratli videomurojaatidan keyin keskin bayonot bilan chiqqan va u jazolanishini ma’lum qilgandi. Vazirlik Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov esa madaniyat xodimining ruhiy sog‘lomligiga shubha bildirgandi.

Jamoatchilik orasida muhokama va munozaraga sabab bo‘lgan mojaro bo‘yicha ochilgan ma’muriy ish qanday ketayotganini bilish uchun QALAMPIR.UZ yana bir bor Shohruh G‘iyosovga mikrafon tutdi.

“Jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanmasa, bu jamiyat hech qachon rivojlanmaydi. Biz hozirgi vaqtda shunga kelishimiz kerakki, kim bo‘lishidan qat’i nazar qonun ustuvorligi ta’minlanishi shart. Biz shunga harakat qilyapmiz va uni amalga oshirish uchun katta ishlar qilinyapti. Buning natijasi ham ko‘rilyapti.

Hozirgi paytda ko‘pchilik aytyapti “oddiy fuqarolar, blogerlar uzr so‘radi-ku”. Bu asosan karantin vaqtida kuchayib ketdi. Chunki karantinda yurganda, bularni jazolashni xalqqa yetkazish orqali, tarbiyaviy effektni kuchaytirishga harakat qilib ko‘rdik. Lekin bunda fuqarolarning asosiy jazosidan tashqari, ularning shaxsiyatiga, nafsoniyatiga tegish kuchayib ketdi. Huquqbuzarik sodir etilgandan keyin jazo bitta bo‘ladi, qo‘shimcha uzr so‘rash hech qayerda ko‘rsatilmagan.

Yulduz Usmonova holatiga keladigan bo‘lsak, u haqiqatan haqorat qildi, buni biz ko‘rdik. Holat bo‘yicha shug‘ullanishni boshladik, surishtiruv olib borildi. Yulduz Usmonova o‘zining “Tushuntirish xati”da aytyaptiki, u Sardobada yuz bergan fojia jabrlanuvchilariga yordam berish uchun o‘zi fuqarolardan so‘rab, ularga moddiy yordam to‘plash maqsadida bo‘lgan. O‘zining aytishicha, bu orada u 2-3 kun uxlamagan. “Aybimni tan olaman. Shu orada 2-3 kun uxlamagan edim. Asablarim tarang edi”, dedi Yulduz Usmonova. Shu vaqtda “GAI” xodimi obormayman deb aytgan. Chunki kunduzi olib borishi kerak bo‘lgan. Hammasi yig‘ilib, shunday holatga olib keldi.

Ayrim holatlarda odam o‘ylamasdan, bilmasdan yoki ruhiy zo‘riqish ta’sirida gapirib qo‘yishi mumkin. Keyin esa o‘zi pushaymon bo‘ladi. Huddi shunday holat yuz berdi. Yulduz Usmonova o‘zining aybini tan oldi. “Ruhiy zo‘riqish oqibatida shunday qildim. Bu men uchun juda uyatli, kerak bo‘lsa, men uzr so‘rayman. Ota-onalaridan kerak bo‘lsa, kechirim so‘rayman”, dedi. Keyin nima bo‘lganini ko‘rdinglar.

Javobgarlik masalasiga kelganda, jamiyatda balansni ushlab turadigan ayrim ijtimoiy holatlar bor. Misol uchun, Yulduz Usmonovaning shaxsiga keladigan bo‘lsak, bu xalq artisti, xalqimizning ishonchiga, hurmatiga sazovor odam. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlaydigan qo‘shiqlar kuylagan. Shularni, bundan tashqari, u o‘sha paytda ruhiy zo‘riqqanligini va Post-patrul xizmati xodimlari, profilaktika inspektorlari va “GAI” xodimlari unga nisbatan adovati yo‘qligini inobatga olgan holda kechirimlilik, fuqarolarga imkoniyat berish prinsipidan kelib chiqib, Usmonovaga nisbatan ma’muriy ish to‘xtatilgan”, dedi vazirlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, 4 may tongida internetning o‘zbek segmenti O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning g‘azab va nafrat to‘la murojaatidan karaxt bo‘lib qoldi. Xonandaning bu g‘azabi bir yo ikki shaxsga emas, butun boshli mamlakat Ichki ishlar tizimi xodimlariga qaratilgandi.

“Aslo rozi emasman. Xalq eshitsin. Yurt-olam eshitsin. Militsiya absolyutno ne rabotayet. Hozir Karimov davrida yashamayapsizlar klizma olgani, shunchalik ham klizmaga o‘rganib qolasizlarmi?”, degan Usmonova hissiyotga berilib.

U so‘zida davom etarkan, qo‘l soatiga ishora qilib xodimlar uxlab yotganini aytadi. 

“Uyat bormi, vijdon bormi? Xalqni “nalog”idan oylik olyapsanlar, nima qilyapsanlar? Bittangni topib bo‘lmayapti, hammang uxlab yotibsan”, deydi Yulduz Usmonova.

Video so‘ngida Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlari xalq mehrini mehnat bilan qozonishi kerakligini aytib, jurnalistlardan ushbu voqealarni nashrlarda e’lon qilishni so‘ragan.

Madaniyat xodimining ijtimoiy tarmoqdagi jonli efirda Ichki ishlar xodimlariga qarata “Padarla’anati bo‘ldilaring bugun”, kabi so‘zlarni aytishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Usmonovaning “qaynoq” chiqishiga dastlab Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Ko‘p o‘tmay, Usmonova Ichki ishlar xodimlaridan kechirim so‘radi.

Yuqorida aytganimizdek, IIV bunga keskin munosabat bildirdi va odamlar adolat qaror topishini, Yulduz Usmonovaga qonuniy chora ko‘rilishini kuta boshladi. Ammo Usmonova jazoga tortilmadi. Endi uning jazoga tortilmasligi ham rasman ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Yulduz Usmonova Shohruh G'iyosov

Baholaganlar

2709

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing