Rasman: Umid Ahmadjonov O‘FA vitse-prezidentligidan ketishga ariza yozdi

Sport

image

2017 yilning sentyabr oyidan buyon O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti sifatida ishlab kelgan Umid Ahmadjonov lavozimidan iste’foga chiqdi. Bu xabarni Umid Ahmadjonovning o‘zi shaxsan QALAMPIR.UZ muxbiriga tasdiqladi. 

Eslatib o‘tamiz, Umid Ahmadjonov joriy yilning 15 may kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidentligidan ham iste’foga chiqarilgan edi.

Umid Ahmadjonov 1977 yil 16 may kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — oliy. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini imtiyoz bilan tugatgan. Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining deputati.

U mehnat faoliyatini 1995 yil "Zenit" firmasida oddiy ishchi sifatida boshlagan. 1995—2001 yillar davomida "Ilmu Ziyod" xususiy korxonasida ishchi, keyinroq 26-sonli qurilish boshqarmasida operator bo‘lib ishladi. Shuningdek, Olimpiya AJda avtosanoat bo‘limi rahbari sifatida faoliyat olib bordi.

Ahmadjonovning sport sohasiga kirib kelishiga faoliyati davomidagi ishbilarmonligi va tashabbuskorligi sabab bo‘ldi, deyiladi tarjimai holda. Tashkiliy ishlar, boshqaruv sohasidagi bilim va tajribalari evaziga u 2002 yil O‘zbekiston nogironlari sport federatsiyasi bosh kotibi lavozimiga tayinlandi. 2007 yilga kelib, O‘zbekiston milliy Paralimpiya assotsiyatsiyasi Bosh kotibi va bir vaqtning o‘zida tashkilot raisining o‘rinbosari bo‘ldi.

E’tiborlisi, u 2007 yilda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisiga ham o‘rinbosar bo‘lgan. Qo‘shimchasiga, MOQ vitse-prezidenti lavozimida ham samarali faoliyat yuritgan. Ya’ni, bir yilning o‘zida 4 ta vazifa.

Umid Ahmadjonov ushbu tashkilotlardagi faoliyati davomida mamlakatda sport sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shdi. Mamlakat paralimpiyachilarining jahon arenalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishida katta rol o‘ynadi. Aynan u ishlagan davrda O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasi Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi Paralimpiada o‘yinlarida tarixiy natija qayd etdi. O‘zbekistonlik sportchilar jami 31 ta: 6 ta oltin, 8 ta kumush hamda 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi.

Tarjimai holi keltirib o‘tilgan shaxsning sport federatsiyalari va assotsiatsiyalaridagi ko‘p yillik faoliyati, mehnati hukumat hamda jamoatchilik e’tiborini qozondi. Umid Mahamatjonovich 2017 yilning 12 sentyabrida O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti etib saylandi.

Umid Ahmadjonov oilali, uch o‘g‘il va bir qizning otasi. Shu vaqtgacha qilgan ishlari uchun "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

O'FA

Baholaganlar

57

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing