Rasman: Toshkent viloyatida 9 nafar bola “Dok-1 Maks”dan zaharlandi
3-sahifa
−
05 yanvar 2023
6388Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida “Dok-1 Maks” dori vositasini iste’mol qilgan 2 yoshli bola vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, hozirgi kungacha Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga “Dok-1 Maks” siropi iste’moli oqibatida zaharlanish belgilari bilan 9 nafar bola olib kelingan. Ulardan 5 nafari sog‘ayib, uyiga qaytarilgan. 4 nafarining ahvoli esa barqaror holatda, ularga tegishli standartlar asosida muolajalar davom ettirilmoqda.
“Shuni qayd etish kerakki, Toshkent viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalarida shu paytgacha “Dok-1 Maks” preparatidan zaharlanish tufayli o‘lim holati kuzatilmagan”, deyiladi xabarda.
Hozirda hududlardagi barcha dorixonalardan “Quramax” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari yig‘ishtirib olingan.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.
2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi.
LiveBarchasi