Rasman: “Sardoba fojiasi”da oddiy aholi ham qurbon bo‘lgani tan olindi
Jamiyat
−
01 may 2021
159592020 yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida joylashgan “Sardoba” suv ombori yorilishi oqibatida birgina ushbu tumanda istiqomat qiluvchi 3 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Sardoba tumani Favqullodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i G‘iyos Boboyev QALAMPIR.UZ’ning Sardoba marafoni jonli efir muloqotida ma’lum qildi.
“Suv toshqinida turli taqdirlarga duch keldim. Hatto, bolasini beshik bilan ko‘tarib, qochganlar bor edi”, deydi Boboyev.
G‘iyos Boboyev toshqin qurbonlari haqida gapirib, hali farzandining rohatini ko‘rishga ulgurmagan 30-35 yoshlardagi ayol ko‘zi o‘ngida suvga g‘arq bo‘lganini so‘zlab berdi.
“Suv toshqini yuz berishini tasavvurimizga sig‘dirolmasdik. Ochiq maydonda suv yo‘lida uchragan narsani olib ketyapti. Odamlarni ham olib ketdi. “Qo‘rg‘ontepa” mahallasida aholini evakuatsiya qilish jarayonida hammani olib chiqib ketdik. Faqatgina bir ayol suvda qolib ketdi. Biz qo‘ldan kelgancha uni suvdan chiqarishga harakat qildik. Ammo devor o‘pirilishi natijasida ayol suvning oqim kuchli qismiga surilib, ko‘z oldimizda oqib ketdi. Ayol taxminan 30-35 yoshlarda edi”, deya o‘zi guvohi bo‘lgan mash’um voqeani aytib berdi Boboyev.
Tuman FVB boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, Sardobada toshqin natijasida 3 kishi halok bo‘ldi. Ofat jami 6 kishini hayotdan olib ketdi. Bedarak yo‘qolganlar bo‘lmagan.
“Mening hududimda 3 ta o‘lim qayd etilgan. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘sha jasadlar suvdan olib chiqilib, shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar va prokuratura organlariga topshirildi. Ammo Mirazobod tumanida Milliy gvardiya xodimining jasadi topilmadi”, deydi G‘iyos Boboyev.
U so‘zida davom etib, toshqindan keyingi tushkun vaziyatni eslab, aholini uyiga olib kirish ham og‘ir jarayon bo‘lganini aytib o‘tdi.
“Suv toshqinidan keyin har bir fuqaroni vayron bo‘lgan uyiga olib kirishning o‘zi og‘ir edi. Ularning qo‘rquvini tasavvur qilish qiyin. Suv sekin-asta o‘zaniga qaytganidan keyin har bir fuqaro o‘z uyiga talpinadi. 5-6 nafar farzandi bor otalar “endi qayerda jon saqlayman, nima qilaman, emizikli bolam bor”, deyapti. Fuqaroning savollariga javob berishning o‘zi og‘ir edi. Uy topib ber deydigan fuqarolar ham bo‘ldi”, deya toshqindan keyingi aqlbovar qilmas vaziyatni tasvirladi Boboyev.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, "Sardoba fojiasi"da bir nafar Milliy gvardiya xodimi cho‘kib ketib, vafot etgan. Yana biri esa suvga oqib ketgan, ammo uning jasadi topilmagan. Oddiy fuqarolar vafot etgani haqida hech qanday rasmiy ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan roppa-rosa bir yil oldin “Sardoba” suv ombori yorilib, Sirdaryoning uch tumani, shuningdek qo‘shni Qozog‘iston hududini ham suv bosgandi. “Sardoba” suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi.
Mazkur toshqin yuzasidan DXX tomonidan jinoyat ishi ochilib, 17 kishi gumondor sifatida ko‘rilmoqa. Hozirda jinoyat ishini yopiq sud majlisida ko‘rish boshlangan.