Rasman: Prezident saylovi kuni belgilandi, saylov kampaniyasiga start berildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bugun, 23 iyuldan esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

Ayni vaqtda Toshkentdagi simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan tashkil etilgan Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Unda so‘zga chiqqan MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Prezident saylovi kunini rasman e’lon qildi. 

Uning qayd etishicha, joriy yilning 8 fevral kuni qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Konstitutsiyaning 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilangan.

“Bunga asosan saylov sanasi 24 oktyabr kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Markaziy saylov komissiyasi Konstitutsiyaning 117-moddasiga muvofiq 2021 yil 24 oktyabrni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Saylov kodeksining 36-moddasiga asosan bugun, 23 iyul kunidan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasining boshlangani e’lon qilinadi”, deydi Nizomxo‘jayev. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi Prezident saylovi 2016 yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan edi. Unda 4 nomzod – Sarvar Sa’dullayevich Otamurotov (“Milliy tiklanish” DP), Shavkat Miromonovich Mirziyoyev (O‘zLiDep), Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov (XDP), Narimon Majidovich Umarov (“Adolat” SDP) Prezidentlik uchun o‘zaro bellashdilar. Saylov natijalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 15 million 906 ming 724 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar 88,61 foiz ovozini to‘plab, 5 yil muddatga Prezidentlik kursisini egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

347

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing