Rasman! Nagelsmann Germaniya terma jamoasidan ketdi
Sport
−
03 iyul 1004 2 daqiqa
Germaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda Germaniya futbol assotsiatsiyasi (DFB) matbuot xizmati xabar qildi.
“Jamoa Jahon chempionatini tark etganidan keyin ko‘p o‘yladim. Shuningdek, shaxsan o‘zim ham, federatsiyadagi ishonchli insonlar bilan ham maslahatlashdim. Bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmadi. Men uchun doimo eng muhim narsa jamoaning muvaffaqiyati bo‘lgan. Bunday og‘ir mag‘lubiyatdan keyin jamoa yangi sahifadan boshlash imkoniyatiga loyiq, deb hisoblayman. Murabbiylar shtabiga, yordamchi xodimlarga, federatsiyadagi barcha hamkasblarimga, ayniqsa, birga ishlash baxtiga muyassar bo‘lgan futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Muxlislarga ham alohida rahmat. Sizlar bizga doim ishondingiz, eng qiyin pallalarda ham qo‘llab-quvvatladingiz va kuch bag‘ishladingiz. Bu Jahon chempionatida sizlarga yanada unutilmas futbol oqshomlarini taqdim eta olmaganimizdan chin dildan afsusdaman. Sizlar bundan ham yaxshirog‘iga munosib edingiz”, deydi Nagelsmann.
Avvalroq, Germaniya milliy terma jamoasi Jahon chempionati 1/16 finalida Paragvayga mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgani xabar qilingan edi. Asosiy va qo‘shimcha vaqt 1:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda Paragvay penaltilar seriyasida 4:3 hisobida g‘alaba qozongan.
Ma’lumot uchun, 38 yoshli Nagelsmann Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi etib 2023 yil sentyabrida tayinlangan edi. Uning qo‘l ostida Germaniya 2024 yilgi Yevropa chempionatining chorak finaliga qadar yetib bordi. Bunga qadar u “Bavariya”, “Leypsig” va “Xoffenxaym” klublarini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Liverpul”ning sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi