Rasman: Xususiy ta’lim tashkilotilarida ham o‘qish onlaynga o‘tkazildi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, Respublikasi maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 24 yanvaridan boshlab O‘zbekistondagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayoni bir oy masofaviy shaklda davom ettiriladi. Mazkur qoida nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham tegishli. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev ma’lum qildi. 

“Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish choralarini davom ettirish va mutatsiyaga uchragan infeksiyaning yangi shtammi bolalar va yoshlar o‘rtasida shiddatli tarqalishini oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xulosalaridan kelib chiqib, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida 2022 yil 24 yanvardan boshlab bir oy muddat davomida ta’lim “onlayn” shaklda olib borish belgilandi.

Ushbu talablarga mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari qat’iy amalga qilishi talab qilinadi”, deydi Toshkenboyev.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro tashkilotlar tomonidan har bir davlatdagi inson kapitalini baholashda ta’lim sifati bilan birgalikda yosh avlod salomatligi ham alohida e’tiborga olinadi. 

“Zero sog‘lom yoshlar kelgusida yuqori malaka kadrlar sifatida mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladi”, deydi u.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yil davomida kuzatilgan holatlardan xulosa qilinsa, ta’lim tizimi har qanday chaqiriqlarga tayyor bo‘lishi kerak.

“Kundan kunga dunyoda kasallikning yangicha ko‘rinishlari paydo bo‘lib, tez tarqalayotgani va kelgusida yana qanday holatlar kuzatilishi noma’lumligi masofaviy (onlayn) ta’limni ham sifatli yo‘lga qo‘yish davr talabi ekanligini ko‘rsatmoqda.

Yurtimizda ham so‘nggi ikki yil davomida onlayn ta’limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan bo‘lib, endilikdagi vazifa ushbu jarayonni yanada sifatli yo‘lga qo‘yish hisoblanadi”, deydi Toshkenboyev. 

Qayd etilishicha, masofaviy (onlayn) ta’lim jarayonlarining sifatli tashkil qilinishi Ta’lim inspeksiyasi tomonidan monitoring qilib boriladi.

Xususan, oliy ta’lim tashkilotlari zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilgan ta’lim faoliyatini, jumladan ta’lim oluvchilarning erishgan natijalari, ular tomonidan fan dasturlarining o‘zlashtirish holati va o‘quv jarayoni bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni ta’lim tashkilotlarining elektron platformasidan foydalangan holda monitoring qilib borilishi haqida qat’iy ogohlantirilgan.

Davlat va nodavlat maktablarda esa masofaviy shaklda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun Milliy teleradiokompaniyaning “Onlayn maktab” telekanallari hamda masofaviy ta’limni samarali tashkil etish uchun ishga tushirilgan platformalardan unumli foydalanish talab etiladi va bu jarayonlar tizimli monitoring qilinadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

onlayn ta'lim

Baholaganlar

191

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing