Rasman: Qozog‘istonda noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlar davlatga qaytariladi
Olam
−
12 iyul 2023
4965Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev noqonuniy yo‘l bilan olingan mulklarni davlatga qaytarish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu qonun noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni aniqlash va davlatga qaytarish va ularni Qozog‘istonda qonuniy iqtisodiy muomalaga jalb qilishning qonunchilik mexanizmlarini belgilashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, aktivlarni qaytarish bilan Bosh prokuratura shug‘ullanadi. Ish natijalariga ko‘ra, agar aktivlarni sotib olishning qonuniyligiga asosli shubha bo‘lsa, prokuratura aktivlarni qaytarish bo‘yicha komissiyaga bunday sub’ektlar va ular bilan bog‘liq shaxslarni tegishli reyestrga kiritish to‘g‘risida takliflar kiritadi. Davlat foydasiga olingan mol-mulk maxsus davlat jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Agar shaxslarning umumiy mol-mulki qonun hujjatlarida belgilangan, ya’ni 13 million oylik hisob-kitob ko‘rsatkichi (44 milliard 850 million tenge yoki qariyb 100 million dollar) dan oshib ketsa davlatga qaytariladi.
Qonun e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.
Bundan tashqari, To‘qayev “Qozog‘iston Respublikasining Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi va “Qozog‘iston Respublikasining “Soliqlar va byudjetga boshqa majburiy to‘lovlar to‘g‘risida”gi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni imzolagan.
LiveBarchasi