Rasman: Isroil Ukrainaga qurol yetkazib bermasligini e’lon qildi
Olam
−
19 Oktabr 2022 7010 2 daqiqa
Isroil NATO davlatlari bilan birgalikda Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi, ammo haligacha Kiyevni qurol bilan ta’minlash niyatida emas. Bu haqda bugun, 19 oktyabrda yahudiy davlati Mudofaa vaziri Beni Gans Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bir qator operatsion sabablarga ko‘ra Ukrainaga qurol tizimlarini yetkazib bermaydi. O‘tmishda bo‘lgani kabi Ukrainani cheklovlar doirasida qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.
“Isroil ushbu siyosat doirasida Ukrainaga zamonaviy havo hujumidan ogohlantirish tizimini ishlab chiqishda yordam berishga tayyor. Biz ukrainaliklarga havodan ogohlantirish tizimlari sohasidagi ehtiyojlari haqida ma’lumot almashish uchun so‘rov yubordik. Bu ma’lumotni olganimizdan so‘ng, biz fuqarolar hayotini saqlab qoluvchi ogohlantirish tizimini ishlab chiqishda yordam bera olamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Kecha, 18 oktyabrda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba, uning mamlakati Isroil hukumatiga Kiyevni havo hujumidan mudofaa qilish tizimlarini zudlik bilan yetkazib berishi uchun rasmiy nota yuborishini aytgan edi. Hozircha yahudiy davlati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatmagan va bu davlatga gumanitar yuk jo‘natish, shuningdek, jangovar harakatlar oqibatida jabrlangan ukrainaliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Isroilning Diaspora ishlari vaziri Naxman Shay Eron Rossiyaga ballistik raketalarni berayotganidan so‘ng, Isroil bu qonli mojaroda qanday pozitsiyani egallashi kerakligiga endi hech qanday shubha yo‘qligi, Ukraina AQSH va NATO davlatlari tomonidan ko‘rsatilayotganidek, Isroildan ham harbiy yordam olishi vaqti kelganini aytgan.
Avvalroq, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Isroil Ukrainaga qurol yetkazib berish borasida xato qilayotgani, bu qadam Rossiya bilan davlatlararo munosabatlarni buzishini aytgan edi.
Live
Barchasi