Rasman. Inouening raqibi o‘zgardi
Sport
−
11 yanvar
8573Boks bo‘yicha ikkinchi o‘ta yengil vazn toifasida mutlaq Jahon chempioni yaponiyalik Naoya Inouega qarshi ringga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan Sem Gudman jarohat sabab jang qila olmaydi. Bu haqda promouter Xideyuki Oxashi Yokogamada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Oxashning so‘zlariga ko‘ra, 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Inoue - Gudman jangi avstraliyalikning jarohati sabab bekor bo‘ldi va endilikda yaponiyalik bokschiga qarshi WBO reytingida 11-o‘rinni egallab turgan Yeo Jun Kim ringga ko‘tariladi. Koreyalik bokschi so‘nggi 8 ta jangda g‘alaba qozongan.
“Biz zaxiradagi jangchini ko‘p ham izlamadik. 30-40 daqiqa ichida koreyalik bokschi jangga rozi bo‘ldi. Yeo Jun pozitsiyalarini o‘zgartira oladigan tajovuzkor bokschi ekanligini bildik. O‘ylaymizki, Kim Inouega qarshi mukammal qarshilik ko‘rsata oladi va to‘qnashuv mutlaq jahon chempionligi uchun kechadi” deydi Inouening promouteri.
Ma’lumot o‘rnida, dastlab, Inoue - Gudman jangi 2024 yilning 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo Semning qoshidan olgan jarohati sabab jang 2025 yilning 24 yanvariga ko‘chirilgan edi. Lekin bu safar ham u sparring vaqtida og‘ir jarohat oldi va kutilayotgan to‘qnashuvda ishtirok eta olmasligi aniq bo‘ldi. Gudmanning promouteri Mett Rouz ham mijozining ringga chiqa olmasligini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, yaponiyalik yengilmas bokschi o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyevga qarshi jang qilishga rozi bo‘lgan edi.
LiveBarchasi