Rasman: Eron AQSHdan qasos olish uchun payt poylayapti

Olam

image

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK)ning “Al-Quds” maxsus kuchlari qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun AQSHdan o‘ch olish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Bu haqda “Al-Mayadin” telekanali xabar berishicha, bugun, 3 yanvar kuni Tehronda eronlik qo‘mondon, IIQK qo‘mondoni vafotining uch yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan motam marosimida general-leytenant Husayn Salamiy ma’lum qilgan. 

“Eron bu hujum uchun AQSHdan o‘ch olish qaroridan qaytmadi. Qasos operatsiyasi tayyorlanmoqda va kerakli vaqtda kerakli joyda amalga oshiriladi”, deydi u. 

Avvalroq Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiy IRNA axborot agentligiga u rahbarlik qilayotgan Tashqi ishlar vazirligi va Eron adliya tizimi Bag‘dod aeroportidagi terrorchilik jinoyati tashkilotchilari va aybdorlarini javobgarlikka tortish uchun jiddiy ish olib borayotganini ma’lum qilgandi. 

“Al-Quds” kuchlari qo‘mondoni va unga hamrohlik qilgan Iroq Al-Hashd ash-Shabi tuzilmalari qo‘mondoni o‘rinbosari Abu Mahdi al-Muhandis 2020 yil 3 yanvarda AQSH havo kuchlarining Bag‘dod aeroporti yaqinida raketa hujumi natijasida halok bo‘ldi. Bunga javoban 2020 yil 8 yanvarga o‘tar kechasi Eron Iroqdagi amerikalik harbiylar tomonidan foydalanilgan ikkita ob’ektga raketa hujumi uyushtirdi. 

Bugun, 3 yanvar kuni Eron Islom Respublikasi Oliy sudi rahbarining xalqaro ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va Inson huquqlari kengashi kotibi Kozim G‘arib Abadiy IRNA axborot agentligiga General Sulaymoniy va al-Muhandisning Tehron va Bag‘dodda o‘ldirilishi fakti bo‘yicha 94 amerikalik fuqaroga nisbatan sirtdan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Asosiy ayblanuvchilar orasida AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp, Davlat departamentining sobiq rahbari Maykl Pompeo va AQSH armiyasi markaziy qo‘mondonligi sobiq rahbari Kennet Makkenzi bor.

“Ilgari Eron va Iroq adliya organlari o‘rtasida qo‘shma qo‘mita tashkil etilgan, uch raund uchrashuvlari o‘tkazilgan va dekabr oyi oxirida biz 8-9 yanvar kunlari to‘rtinchi raundni o‘tkazishga kelishib oldik”, deydi u. 

Sulaymoniyning o‘ldirilishi

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 3 yanvar kuni AQSHning Bag‘dod xalqaro aeroportiga uyushtirgan havo hujumi natijasida Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandi. Bunga rasmiy Tehron 8 yanvar kuni Iroqdagi Amerika harbiy bazalariga raketa zarbasi berish bilan javob qaytardi. AQSH hujum natijasida qurbonlar yo‘qligi, zarar kam ekanini ma’lum qildi.

Pentagon Sulaymoniyni yo‘q qilish buyrug‘i shaxsan sobiq Prezident Donald Tramp tomonidan berilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasida urush chiqishi xavfi ortib ketgandi.

Sulaymoniy Afg‘oniston, Iroq, Suriya va Liviya kabi mamlakatlarda Eron siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan. 

Bir tomondan, Sulaymoniy Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurashgan guruhlarning qo‘mondoni vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqa tomondan u Iroqda AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda muhim rol o‘ynagan. Shu munosabat bilan Sulaymoniy nafaqat qo‘mondon, balki yaxshi diplomat sifatida ham tanilgan edi. 

Qosim Sulaymoniy, shuningdek, Oyatulloh Ali Homanaiydan keyin Eronning xavfsizlik siyosatini shakllantirishdagi eng ta’sirchan ismlardan biri bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Qosim Sulaymoniy

Baholaganlar

1

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing