Rasman: Eldor Shomurodov “Bashakshehir”ga o‘tdi (video)
Sport
−
11 iyul 12504 2 daqiqa
O‘zbekistonlik 29 yoshli xujumchi Eldor Shomurodov Italiyaning ”Roma” klubidan Turkiyaning Istanbul shahri sharafini himoya qiluvchi “Bashakshehir” klubiga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Istanbul klubi Eldor Shomurodovni 2025-2026 yilgi mavsum so‘ngiga qadar sotib olish imkoniyati bilan ijaraga olgan.
“O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi oilamizga xush kelibsan, bizning to‘q sariq-to‘q ko‘k libosimiz bilan muvaffaqiyat tilaymiz”, deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik hujumchining “Roma” bilan amaldagi shartnomasi yana bir yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, u o‘tgan mavsum yakunidan beri ketishi mumkin bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatida tilga olinayotgandi.
Shomurodov so‘nggi mavsumda rimliklar safida jami 37 o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. “Roma” ayni damda UEFA moliyaviy feyr-pley talablariga moslashish uchun tarkibni qisqartirish va daromadlarni oshirish yo‘lida ishlamoqda, Shomurodovning ketishi esa bu jarayonning bir qismiga aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashhur insayder Fabritsio Romano ushbu transferning bitim shartlariga ko‘ra, ijara to‘lovi 3 million yevroni tashkil qilishi, shuningdek, unda 2,7 million yevroga majburiy sotib olish bandi ham mavjudligi haqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, “Roma” kelajakdagi sotuvdan 10 foiz ulush olishi mumkin.
Live
Barchasi