Rasman: Covid'ning yangi shtammi tarqalmoqda
Salomatlik
−
07 avgust 2023
23362Covid-19 ning yangi varianti Buyuk Britaniya bo‘ylab juda tez tarqalmoqda. Bugungi kunga kelib mamlakat aholisining 7 nafaridan birida ushbu infeksiya aniqlanyapti. Bu haqda “Indianexpress” nashri ma’lum qildi.
Virusning yangi turi Eris yoki EG.5.1 deb nomlanadi. Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash xavfsizligi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu tur 31 iyulda virusning yangi varianti sifatida aniqlangan. Shuningdek, bugungi kunga kelib Eris dunyo bo‘ylab eng keng tarqalgan ikkinchi shtammga aylandi.
Doktor Ravi Kesarining so‘zlariga ko‘ra, Eris`da bir nechta mutatsiyalar mavjud bo‘lib, ular Omicron`ning oldingi variantlaridan farq qiladi. Ushbu mutatsiyalar ko‘proq tarqalishi yoki immunitet tizimiga qarshi kurashishda kuchliroq bo‘lishi mumkin.
“Eris varianti oldingi shtammlarga nisbatan deyarli 20 foizga o‘sish ustunligiga ega bo‘lishi mumkin, bu esa u ilgari ma’lum bo‘lgan Omicron shtammlariga qaraganda tezroq tarqalishini anglatadi”, deydi “Max Healthcare” tibbiyot guruhining direktori Sandep Budhiraja.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining tabiiy ofatlarni baholash va muvofiqlashtirish bo‘limi va Jeneva sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari, doktor Sabine Kapasi Eris variantining tarqalishi Covid-19 ning asl shtammiga juda o‘xshashini bildirdi.
“Birlamchi tarqalish usuli – yuqtirgan odam yo‘talganda, aksirganda, gapirganda yoki nafas olayotganda chiqariladigan nafas olish tomchilari orqali. Bundan tashqari, yuqtirish ifloslangan yuzalar yoki narsalarni ushlash, keyin shu qo‘llar bilan yuzga, ayniqsa, og‘iz, burun yoki ko‘zlarga tegish orqali sodir bo‘lishi ham mumkin”, deydi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eris boshqa mamlakatlarda, shu jumladan AQSH, Kanada, Yaponiya va Avstraliyada ham aniqlanmoqda. Infeksiyaning ko‘payishi oldingi infeksiyalar yoki emlashlar oqibatida pasaygan immunitet bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda pandemiya boshlanganidan beri hozirga qadar 1637 ta o‘lim holati kuzatilgan.
LiveBarchasi