Ramazon Temirov 1 yilga UFC’dan chetlatildi  

Sport

image

Ramazon Temirov antidoping qoidalarini buzgani uchun Jangovar sportlar antidoping tashkiloti (CSAD) tomonidan UFC’dan bir yilga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda UFC’ning rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Temirovda trimetazidin (TMZ) – yurak yetishmovchiligi va boshqa yurak kasalliklarida qo‘llaniladigan, UFC tomonidan taqiqlangan moddalar ro‘yxatidagi gormonal va metabolik modulyatorlar sinfiga mansub dori vositasi aniqlangan. Trimetazidin UFC antidoping qoidalariga ko‘ra, har qanday vaqtda taqiqlangan hisoblanadi. Taqiqlangan modda mavjud bo‘lgan namuna Temirovdan joriy yilning 12 iyun kuni Pxuketda (Tailand) olingan, so‘ngra joriy yil 4 iyulda yana Pxuketda qayta namuna olingan.  

Temirov CSAD bilan batafsil suhbat o‘tkazib, trimetazidindan foydalanganini tan olgan. U dori vositasidan foydalanishdan avval uning taqiqlangan statusini tekshirmagan va shifokoriga o‘zi doping nazorati ostidagi sportchi ekanini aytmagan bo‘lsa-da, ushbu dori shifokor tomonidan tibbiy sabab bilan yozib berilganini va cheklangan muddat davomida qabul qilinganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan. Shu sababli moddadan foydalanish sezilarli darajada natijasini oshirishga sabab bo‘lmagan, bu esa jazoni yumshatgan. Antidoping qoidalariga muvofiq, jangchi oktagonga 2026 yil 5 iyuldan so‘ng qaytishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Ramazon Temirov UFC’da ikkita jang o‘tkazib, ikkalasida ham g‘alaba qozongan.

Jahongir Inomjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

UFC Ramazon Temirov CSAD

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing