Raketa hujumi kuchimizning faqat bir qismi edi – Pezeshkiyon
Olam
−
02 Oktabr
16301Isroilga raketa zarbasi Eron manfaatlari va fuqarolarini himoya qilish uchun yo‘llandi. Bu haqda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘zining X’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
U 1 oktyabrdagi operatsiya "Eron kuchining faqat bir qismi" ekanini ta’kidladi.
“Bu harakat Eron manfaatlari va fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan edi. Netanyaxuga Eron urushqoq emasligini, lekin u har qanday tahdidga qat’iy qarshi turishini bildirish uchun. Eron bilan ziddiyatga tushmang”, deb yozdi Prezident.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy X’da e’lon qilingan xabarida ibroniy tilida Isroilga qarshi “zarbalar kuchliroq va og‘riqliroq" bo‘lishidan ogohlantirdi.
“Inqilobiy frontning zarbalari sionistik rejimning eskirgan va chirigan tanasiga kuchliroq va og‘riqliroq bo‘ladi”, dedi u.
Pentagon matbuot kotibi general-mayor Patrik Rayder ham Eronning Isroilga qarshi bu safargi hujumi aprel oyidagi Eron hujumidan ikki baravar katta ekanligini aytdi.
"Oxirgi marta uchirilgan ballistik raketalar soni bo‘yicha ular ikki baravar ko‘p. Siz biror narsani urish niyatisiz nishonga shunchalik ko‘p raketalarni uchirmaysiz. To‘g‘ri, oxirgi marta bo‘lgani kabi, ularning maqsadi halokatga olib kelish", dedi Pentagon voizi.
Qayd etish joiz, mazkur hujum Isroil shimoliy chegarasi orqali Livanga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh”ni nishonga olgan quruqlikdagi operatsiyadan keyin sodir bo‘ldi. Isroil 27 sentyabr kuni havo hujumida “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohni o‘ldirdi va Yaqin Sharqdagi eng qudratli harbiylashtirilgan kuch rahbariyatini yo‘q qilib, yangi mintaqaviy urush qo‘rquvini kuchaytirdi. Eronning bu safargi zarbasi ham Tehronda o‘ldirilgan HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya va Bayrutda o‘ldirilgan Hasan Nasrulloh uchun qasos ekani aytildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni kechqurun Eron Isroilga raketalar bilan zarba bergandi. Isroil armiyasi radiosi Erondan Isroilga 200 ga yaqin raketa uchirilganini aytdi. Keyinroq Isroil harbiylari aniq ovoz chiqarib, aholi o‘z boshpanalarini erkin tark etishlarini bildirdi. Isroil Eronga "og‘riqli javob" berishga va’da berdi. Isroil nashrlari armiya bugun, 2 oktyabr kuni tunda butun Yaqin Sharq bo‘ylab kuchli zarba berishi kutilayotganini yozdi.
LiveBarchasi