Raqobat qo‘mitasi BYD avtomobillari importini cheklash bo‘yicha munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov 20 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida BYD avtomobillari importini cheklash bo‘yicha berilgan topshiriqqa munosabat bildirdi. Bu haqda AOKAning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

“2023 yilda iste’molchilardan avtomobillar savdosi bilan bog‘liq 957 ta murojaat kelib tushgan va bu murojaatlardan 754 tasi, ya’ni 78,7 foizi qanoatlantirilib, 140 tasiga tushuntirish berilgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda 4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar hisob-kitob qilib berilgan, 60 ta avtomobil sifatsiz bo‘lgani sababli almashtirib berishga erishilgan. Murojaatlarning asosiy qismi – 50 foizdan ortig‘i avtomobillarni yetkazib berish muddati, 25 foizi avtomobillar nuqsoni bilan bog‘liq”, deydi qo‘mita raisi.

Qayumovning so‘zlariga ko‘ra, kecha e’lon qilingan qaror bilan mavjud raqobat qonunchiligi va Jahon savdo tashkiloti normalaridan kelib chiqib taklif kiritish topshirig‘i berilgan.

“Erkin bozor tarafdorimiz. Raqobat nuqtai nazaridan eng maqbul narxlarda, eng maqbul sifatda iste’molchiga yetkazib berilishi uchun sharoit yaratish – bizning asosiy vazifamiz. Shu nuqtai nazardan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozorda maqbul raqobat muhitini yaratgan holda maqbul narxlarda, maqbul sifatda avtomobillar yetkazib berish bo‘yicha o‘zimizning takliflarimizni hukumatga tayyorlab beramiz”, deydi Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Qo‘mita raisining yana bir o‘rinbosari Farrux Karabayev hali cheklov kiritilmaganini va bu takliflardan kelib chiqib belgilanishini aytdi. Shu bilan birga, takliflarni ishlab chiqishda qabul qilinayotgan qaror va takliflarning JSTga a’zolikka ta’siri bo‘yicha baholanishi belgilanganini ta’kidladi.

“Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, hali cheklov kiritilishi bo‘yicha aniq fikrni aytishga erta. Chunki (topshiriq) e’lon qilindi, hech kim kompaniyaning hukumatga murojaat qilishini cheklolmaydi. Har qanday xo‘jalik yurituvchi erkin faoliyatda, har qanday davlat organiga murojaat qilishi, taklif kiritishi mumkin”, deydi Farrux Karabayev.

Eslatib o‘tamiz, kecha “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga elektromobillarning tartibsiz importini cheklash bo‘yicha murojaat qilgani, shu munosabat bilan Prezident tegishli vazirliklar hamda “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga joriy yilning 1 iyuliga qadar takliflar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergani xabar qilingan edi.

Ma’lumot uchun, “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi 2022 yilda “O‘zavtosanoat” (60 foizlik ulushdor) va “BYD Europe B.V.” (Niderlandiya) (40 foizlik ulushdor) kompaniyalari o‘rtasidagi shartnoma asosida tashkil etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

#Uzavtosanoat #BYD #avtomobil'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar