Rafinya va Yamalning dubli “Barselona”ga g‘alaba keltirdi
Sport
−
09:15 280 1 daqiqa
Kecha, 31 avgust kuni “Barselona” Ispaniya La Ligasining uchinchi turida Madridning “Rayo Valekano” jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Unda kataloniyaliklar yirik 5:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuv “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tdi. Bahsni Fransisko Xose Ernandes Maeso boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi.
Mehmonlar 12-daqiqada Serxio Kameloning goli evaziga hisobni ochishdi. Biroq tanaffusga qadar Rafinya (19-daqiqa) va Lamin Yamal (21-daqiqa) mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Florian Lejyon 51-daqiqada o‘z darvozasini ishg‘ol qildi. 59-daqiqada Serxio Kamelo o‘zining uchrashuvdagi ikkinchi golini kiritib, hisobdagi farqni qisqartirdi. Shundan so‘ng Rafinya 71-daqiqada, Lamin Yamal esa 90-daqiqada yana gol urib, “Barselona”ning 5:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa, “Barselona” uch turdan so‘ng 9 ochko jamg‘ardi va turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “Real Madrid” kataloniyaliklardan to‘plar nisbatidagi farq evaziga ikkinchi o‘rinda bormoqda. “Rayo Valekano” esa bir ochko bilan quyi o‘rinlarda joylashgan.
Live
Barchasi