Ukrainada deputat 56,7 mln dollarlik gaz o‘g‘irlashda ayblandi
Olam
−
14 noyabr 2023
3278Ukraina Oliy Radasi deputati Yaroslav Dubnevich 56,7 million dollarlik tabiiy gaz o‘g‘irlashda ayblanib, sirtdan hibsga olindi. Bu haqda mamlakatning Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yaroslav Dubnevich 2013 yildan 2017 yilgacha o‘z qo‘l ostidagi yana besh nafar amaldor yordamida tabiiy gazni o‘g‘irlash sxemasini tashkil qilganlikda gumonlanib, kecha, 13 noyabr kuni hibsga olingan.
Tergov idorasi bu ishga aloqador shaxslar nomini ochiqlamagan, biroq prokuratura joriy yilning 11 oktyabr kuni Radaning amaldagi deputatiga 2,1 milliard grivna (56,7 mln dollar)ga teng gaz o‘g‘irlash bo‘yicha ayblov e’lon qilinganini bildirgan.
“Deputat 2013 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda o‘z nazorati ostidagi Novoyavorovskaya va Novorazdolskaya issiqlik elektr stansiyasi (Lvov viloyati) mansabdor shaxslari tomonidan tabiiy gazni tortib olish sxemasini tashkil qilgan”, deyiladi prokuratura xabarida.
Shu yilning 2 noyabr kuni esa Kiyev apellyatsiya sudi Dubnevichni yana bir jinoiy ish bo‘yicha xalqaro qidiruvga bergan. Bu safar u “Ukrzheldoroga” kompaniyasidan 93 million grivna (2,57 million dollar)dan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblangan. Biroq deputatning o‘zi sudga kelmagan. Uning advokatiga ko‘ra, bu vaqtda deputat davolanish uchun xorijda bo‘lgan.
LiveBarchasi