Ra’no Jo‘rayeva “Uzbekistan Airports” rahbarligidan ketdi
Jamiyat
−
07 avgust 2023
9509“Uzbekistan Airports” kompaniyasi aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining tegishli qaroriga ko‘ra, Ra’no Frunzeyevna Jo‘rayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda bugun, 7 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
“Ikki yarim yillik rahbarlik faoliyati davomida Ra’no Jo‘rayeva kompaniyada katta o‘zgarishlarni amalga oshirishga erishdi. Xususan, aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, kompaniya boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda moliyaviy–iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari o‘zining ijobiy natijasini berdi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, yig‘ilishda Jo‘rayevaning o‘rniga “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib Javlonbek Oybekovich Umarxo‘jayev tayinlangan.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning fevral oyida “Uzbekistan Airports” kompaniyasiga Rossiyadagi uzoq yillik faoliyatidan keyin O‘zbekistonga qaytgan Ra’no Jo‘rayeva rahbar etib tayinlangan. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov “Uzbekistan Airports”ning yangi rahbarini shaxsan o‘zi tanishtirgan edi.
LiveBarchasi