Rahmonaliyev jamoasi YeCHLda qancha ishlab olishi ma’lum bo‘ldi

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev to‘p suradigan Ozarbayjonning “Sabah” klubi UEFA Chempionlar ligasidan kamida 20,18 million yevro daromad oladi. Bu haqda “Idman” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 2026-2027 yilgi mavsum uchun Yevropa klub musobaqalari daromadlarini taqsimlash tizimiga asosan, Chempionlar ligasining umumiy bosqichidagi 36 ta klubning har biri 18,62 million yevro miqdorida boshlang‘ich to‘lov oladi.

Bu summa “Value Pillar” tizimi orqali beriladigan to‘lovlar bilan to‘ldiriladi. Unda mamlakatning televizion bozori qiymati va klubning koeffitsiyenti hisobga olinadi. Minimal ulush hisobida “Sabah” “Value Pillar”ning Yevropa qismi uchun 935 ming yevro, Yevropadan tashqari qismi uchun esa 346 ming yevro oladi.

Klub umumiy bosqichda 36-o‘rinni egallagani uchun yana 275 ming yevro bonusga ega bo‘ladi. Shu tariqa, jamoa umumiy bosqichdagi sakkizta uchrashuv natijalari hisobga olinmagan holda, kamida 20,176 million yevro ishlab oladi.

UEFA har bir g‘alaba uchun 2,1 million yevro, durang uchun esa 700 ming yevro to‘laydi. Shu sababli “Sabah”ning umumiy daromadi turnirdagi natijalari va yakuniy o‘rniga qarab yana oshishi mumkin.

“Sabah” saralash bosqichlari uchun qo‘shimcha to‘lov olmaydi. UEFA qoidalariga ko‘ra, Chempionlar ligasining pley-off bosqichidan o‘tib, umumiy bosqichga chiqqan klublar markazlashtirilgan daromadlarni taqsimlash tizimiga o‘tadi va standart saralash to‘lovlarini olmaydi.

Taqqoslash uchun, 2025-2026 yilgi mavsumda Chempionlar ligasining umumiy bosqichida ishtirok etgan “Qorabog‘” ham minimal hisobda 20,176 million yevro daromad olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Sabah” Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Isroilning “Xapoel Beer-Sheva” klubini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:4 hisobida mag‘lub etdi. Bokudagi javob uchrashuvida Umarali Rahmonaliyev jamoasi qo‘shimcha vaqtda 5:2 hisobida g‘alaba qozondi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing