Rahmon Mirziyoyevga qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat haqida ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat chog‘ida Imomali rahmon O‘zbekiston Prezidentiga tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatning so‘nggi o‘zgarishlari haqida ham ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, davlat rahbarlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Sammiti yakunlarini muhokama qildi. Shu nuqtai nazardan, Imomali rahmon ushbu muhim mintaqaviy tadbirning tashkiliy va mazmun-mohiyatiga yuksak baho bergan.

Tojikiston Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul va an’anaviy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan hamda davlat rahbarlarining uchrashuvi yakunida tashkilot faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha qaror va hujjatlarning salmoqli paketi qabul qilinganini yuqori baholagan.

Tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka oid ayrim dolzarb masalalarni ham muhokama qilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish va ikki davlat o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha protokol imzolangani haqida xabar bergan edik.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing