Rahbarlar byudjetdan olgan avtomobilidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalansa...

Jamiyat

image

Oxirgi vaqtlarda rahbar xodimlar tomonidan byudjet mablag‘laridan noto‘g‘ri foydalanish, ayniqsa, qimmatbaho avtomobil sotib olish holatlari ko‘payib boryapti. Bu ham yetmaganidek, rahbarlar o‘sha avtomobillardan xizmat vaqtidan boshqa paytlarda ham foydalanyapti. 

Shu sababdan O‘zbekistonda rahbar xodimlarning xizmat mashinasidan faqatgina ish vaqtida, xizmat maqsadida foydalanishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakili Bahrom Burxoniddinov davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, tizimni takomillashtirishning dolzarb masalalari yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Burxoniddinov xizmat avtomobilidan faqatgina ish bo‘yicha foydalanishni nazorat qilishda jamoatchilikning ham ma’lum hissasi qo‘shilishi kerakligini ta’kidladi.

“Xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy ta’minotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinishi belgilangan.

O‘ylaymanki, mazkur hujjatning qabul qilinishi bugungi kun uchun juda dolzarb masalaga aylangan — byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, uning ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishiga xizmat qiladi.

Yana bir masala borki, davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi yoki iqtisod qilinishini pandemiyaga yoki u sabab kelib chiqayotgan iqtisodiy masalalarga bog‘lash ham to‘g‘ri emas. U har bir davlat xizmatchisi, har bir fuqaro uchun dolzarb masala bo‘lishi lozim. Shu maqsadda aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan sohalardan davlat xaridlari va sog‘liqni saqlash sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirish tegishli mutasaddi idoralarga biriktirilgan”, deydi Bahrom Burxoniddinov.

Avvalroq, rahbar xodimlarning xizmat avtomobili klassi aniq belgilab berilishi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, xizmat avtotransport vositasidan foydalanishning muddati ham belgilab qo‘yilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

292

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing