Rahbari Yevropada yurgan Ukrainaga Rossiya yana hujum qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa bo‘ylab safar qilib, Yevroittifoq yetakchilari bilan Ukrainaga qo‘shimcha qurol-yarog‘, jumladan, qiruvchi samolyotlar yetkazish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotgan bir paytda Rossiya mamlakatdagi muhim infratuzilmalarga raketa zarbalarining yangi to‘lqinini boshlab yubordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon eng kuchli hujumga uchragan Zaporoje shahriga bir soat ichida kamida 17 ta raketa urilgan.

“Ukrenergo”ning ma’lum qilishicha, Ukrainaning sharqiy, janubiy va g‘arbiy qismidagi bir nechta energetika ob’ektlariga bir kecha-kunduzda qilingan uchuvchisiz samolyotlar va raketalarning zarbalaridan so‘ng elektr ta’minoti to‘xtab qolgan. Masalan, Ukraina sharqidagi Xarkov shahrida, g‘arbidagi Xmelnitskiy va mamlakat markazidagi Dnepropetrovsk viloyatida ham infratuzilma jiddiy zarar ko‘rgan. Rasmiylar infratuzilmaga qilingan hujumlar ortidan butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasining favqulodda o‘chirilishidan ogohlantirgan.

Shuningdek, Kiyev va uning atrofidagi hududlarda kamida uchta portlash sodir bo‘lgan. Raketa qoldiqlari poytaxtdagi xususiy uy, ikkita avtomobil va elektr tarmoqlariga zarar yetkazgan. Rasmiylar poytaxt va mamlakatning boshqa hududlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotganini aytgan.

“Havo signalizatsiyasi uzoq davom etadi. Iltimos, havo signallari sirenalarini e’tiborsiz qoldirmang va boshpanalarga boring”, degan Odessa viloyati gubernatori Maksim Marchenko. 

Harbiy havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ihnat esa havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari Ukrainaga uchirilgan yettita uchuvchisiz samolyotdan beshtasini va oltita Kaliber raketasidan beshtasini urib tushirganini aytgan. Shuningdek, harbiy havo kuchlari Xarkov va Zaporoje viloyatlarida Ukraina havo mudofaasi urib tushira olmaydigan 35 ta S-300 raketalari uchirilganini tasdiqlagan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing