Toshkentdagi yirik bozorlar atrofida mashinalar majburiy evakuatsiyasiga start berildi

Jamiyat

image

To‘xtash mumkin bo‘lmagan joylar va bozorlar oldida qoldirilgan avtomobillar evakuator yordamida yo‘ldan olib tashlanadi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Toshkent shahar aholisi va mehmonlaridan bozorlar oldidagi avtoturargohlarga va yo‘l bo‘yiga mashinalar noto‘g‘ri qo‘yib ketilayotgani to‘g‘risida ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Noto‘g‘ri qo‘yilgan avtomobillar boshqa transport vositalarining harakatiga xalaqit beradi, tirbandliklar keltirib chiqaradi va buning oqibatida YTHlar sodir bo‘ladi.

Toshkent shahar IIBB YHXB YHX xodimlari noqonuniy "parkovka"ga qarshi kurashib kelishmoqda. Ko‘p hollarda bozorda savdo qiluvchi sotuvchilar o‘z avtomobillarini ruxsat etilmagan joylarda qoldirishi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan, avtomobillarni noto‘g‘ri joyda qoldirganlik uchun jarimalar qo‘llanishi haqida ogohlantirishlar berilmoqda. Qayerdadir muammo bozorlar yaqinida to‘xtash qoidalari buzilishini qayd etuvchi kameralar orqali hal qilinmoqda, qayerdadir dalolatnomalar tuzish orqali.

Ammo haydovchilar o‘z avtomobillarini noto‘g‘ri joyda qoldirish orqali yo‘llardagi harakatga xalaqit berishsa va o‘z vaqtida kelib mashinani olishmasa nima qilish kerak? Bunday holatlarda YPX xodimlari "og‘ir artilleriya" orqali chora ko‘rishadi - qoidabuzarning avtomobili evakuator bilan jarima maydonchasiga olib ketiladi.

Masalan, 7 noyabr kunining o‘zida "Chilonzor" buyum bozori ("Ippodrom"), "Toshkent savdo markazi" ("Abu Saxiy") hamda "Bekto‘pi" bozori hududidagi o‘rnatilgan tartibga zid ravishda tashlab ketilgan 13ta avtomobil evakuator orqali jarima maydonchasiga olib borilgan. Ushbu avtomobil egalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6-moddasiga muvofiq ma’muriy javobgarlik fakti bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgan (bu bo‘yicha EKIHning 3 baravarigacha - 608 190 so‘m miqdorida jarima solinishi mumkin).

Hurmatli haydovchilar! Yo‘l harakati qoidalarini buzmang, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga xalal bermang. Bu sizning oilaviy byudjetingiz va vaqtingizni tejashga, asablaringizni asrashga yordam beradi. Iltimos, bozorga borganda u yerdagi mavjud avtoturargohlar xizmatidan foydalaning", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, taqiq belgilari ta’siri ostida agar transport vositasining haydovchisi bo‘lmasa va to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarining buzilishi yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga ko‘ra transport vositasi ushlab turilishi uchun evakuatorda majburiy evakuatsiya qilinishi haqida xabar bergan edik.
 

Shahnoza To‘ramurotova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

IIBB

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing