AQSHdan yuborilgan 200 ta sun’iy nafas berish apparati Shodmonovga topshirildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 24 avgust kuni AQSHdan O‘zbekistonga umumiy qiymati 2,6 million dollar bo‘lgan 200 ta o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari yuborilgani haqida xabar bergan edik. Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga taqdim etilgan zamonaviy sun’iy nafas berish apparatlarini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumdan qabul qilib oldi. 

SSVning qayd etishicha, hozirda mamlakatdagi tibbiyot muassasalarida 2 mingdan oshiq sun’iy nafas berish apparatlari mavjud. Navbatdagi 200 ta sun’iy nafas berish apparatlari esa AQSH tomonidan bundan avval yetkazib berilgan 6 million dollardan ortiq ko‘makning davomi bo‘lgan. 

“O‘zbekiston ko‘p yillardan beri AQSH, jumladan, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa, tibbiy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, birlamchi tibbiyot va davolash muassasalari faoliyatini yaxshilash yo‘nalishlaridagi hamkorlik o‘z samarasini bermoqda. Mutaxassislarimiz AQSHning yetakchi klinikalarida amaliyot o‘tab kelishmoqda. Birgina 2019 yilda 14 nafar mutaxassislar malaka oshirib qaytishdi. Michigan, Sent-Luis, Shimoliy Karolina universitetlari professor va olimlari doimiy tarzda yurtimizga kelib, tajriba almashishmoqda.  Ushbu taqdim etilgan apparatlarning afzalligi foydalanish uchun sodda, ko‘p funksional hamda bemorlarni turli transport vositalarida tashish jarayonida ham qo‘llanilishi mumkin ekanligidir. Ushbu insonparvarlik yordami  O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida koronavirus pandemiyasini yengish borasida olib borilayotgan hamkorlik aloqalarining mantiqiy davomi bo‘ldi”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Qayd etilishicha, ushbu sun’iy nafas berish apparatlari O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash muassasalarining texnik infratuzilmasi, hatto mintaqaviy iqlimni ham  hisobga olgan holda maxsus buyurtma asosida ishlab chiqarilgan. Xususiyatlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar statsionar davolanishda intensiv terapiya uchun ham, aerotibbiy transportda yoki tez yordam mashinalarida bemorni tashish paytida ham qo‘llaniladi.

“COVID-19 sharoitida barcha mamlakatlar global hamjamiyat sifatida harakat qilishi lozim. Bu chegara bilmas virus barchamizga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shu bois, mamlakatimiz unga qarshi kurashishda zarur bo‘lgan vositalar hamda texnik ko‘mak taqdim etish orqali O‘zbekiston va boshqa davlatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Amerika xususiy sektori bilan hamkorlikda yetkazib berilgan bu sun’iy nafas berish uskunalari O‘zbekistonda og‘ir kasallarni davolash imkoniyatini yanada mustahkamlaydi”, deydi AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bu uskunalarni mamlakat bo‘ylab tibbiyot muassasalariga yetkazib berish, tashish va joylashtirishni rejalashtirishda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlardagi sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor tomonlar bilan ish olib bormoqda. Taqdim etilgan uskunalar eng yuqori sifatli bo‘lib, zamonaviy texnologiya asosida AQSHda ishlab chiqarilgan. Ular ixcham, o‘rnatilishi oson hamda invaziv va noinvaziv usullarda qo‘llanilishi mumkin. Bu esa o‘zbekistonlik shifokorlarga virus bilan og‘rigan bemorlarni davolashda qulaylik tug‘diradi. Shuningdek, USAID tibbiyot xodimlari uchun trening mashg‘ulotlari o‘tkazish va uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishga mablag‘ ajratadi. Natijada shifoxonalar bu davolash uskunasidan ko‘p yillar davomida xavfsiz foydalanishni davom ettirishi mumkin. Mazkur tibbiyot uskunasini nafas olish bilan bog‘liq boshqa kasalliklarni davolashda ham ishlatsa bo‘ladi.    


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-AQSh Alisher Shodmonov Deniel Rozenblyum

Baholaganlar

19

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing