O‘zbekiston iqtisodining kuchli va kuchsiz tomonlari

Jamiyat

image

“S&P Global Ratings” agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi qayta baholanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mamlakat suveren kredit reytingi “VV-” (“Barqaror” prognozi) darajasida qayd etildi. Bu haqda Moliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 15-16 may kunlari “S&P Global” reyting agentligining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi bo‘lib o‘tgan. Tashrif doirasida bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Agentlik kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasining fiskal va tashqi pozitsiyalari kuchli bo‘lib qolishi, biroq ushbu ko‘rsatkichlar to‘lov balansi joriy hisob operatsiyasining salbiy saldosi va hukumat tomonidan qarz jalb qilinishi ortidan kamayishi mumkinligiga urg‘u bergan.

Shuningdek, agentlik O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining kuchli va kuchsiz tomonlarini sanab o‘tgan. Xususan, mamlakat iqtisodiyotining kuchli tomonlari sifatida:

I. Kuchli tashqi kreditor pozitsiyaga ega ekanligi va davlat qarzining past darajadaligi (2019 yilda likvid aktivlarning YAIMga nisbati 22 foiz va davlat qarzining YAIMga nisbati 21,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda);

II. Mamlakat aholisining asosiy qismi yoshlar ekanligi (aholining 90 foizi mehnatga layoqatli yoshda);

III. YAIMning real o‘sish sur’ati barqaror darajada bo‘lishi ta’kidlangan.

Mamlakat iqtisodiyotining kuchsiz tomonlari sifatida esa:

I. Aholi jon boshiga YAIMning pastligi;

II. Mamlakat iqtisodiyotining davlat korxonalariga bog‘liqligi (ularning YAIMdagi ulushi juda katta);

III. Hokimiyatning markazlashganligi va uning qarorlari ustidan nazoratning sustligi;

IV. Iqtisodiyotning yuqori dollarlashuvi va inflyatsiya darajasining yuqoriligi sababli pul-kredit siyosati samaradorligining pastligi;

V. Xomashyo eksporti hajmining jami eksportdagi yuqori ulushiga egaligi (2019 yilning 1 may holatiga jami eksportning tahminan 50 foizi);

VI. Tovar va xizmatlar importining oshishi ortidan to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobining salbiy saldosi (2018 yilda YAIMga nisbati 7,1 foiz);

VII. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining past darajada ekanligi va ularning asosan qazib olish tarmoqlariga yo‘naltirilishi (2018 yilda YAIMga nisbati 1,2 foizni tashkil etdi).

Agentlik respublikaning global iqtisodiyotga integrallashuvi ortishi, davlat korxonalari islohoti natijasida uning yuqori o‘sish salohiyatiga erishishi, iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi kamayishi hamda davlat byudjeti daromadalari va eksport tarkibini diversifikatsiyalashuvi kelgusida O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini oshiruvchi muhim omillar sifatida sanab o‘tilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot S&P Global Ratings kredit reytingi

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing