Qirg‘iziston hududining 1 qarichi ham boshqa davlatga berilmaydi – Japarov

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat hududidagi yerlar sotuvga qo‘yilmasligini, ulardan asosiy maqsad iqtisodiyot va xalq farovonligi uchun foydalanish ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 21 iyul kuni o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, chegara masalalari hal etilganidan keyin Qirg‘iziston hududi 15 ming 572 gektarga ko‘paygan va hozir 20 mln 9 ming 572 gektarni tashkil etadi. Mamlakat hududining asosiy qismi – 94,4 foizi tog‘li hududlardan iborat.

Japarov investitsiya uchun ajratilayotgan yer maydonlari zavodlar, ishlab chiqarish korxonalari, logistika markazlari, energetika hamda turizm ob’ektlarini barpo etish uchun mo‘ljallanganini bildirgan.

“Bu loyihalar orqali yuz millionlab, ayrim hollarda milliardlab dollar investitsiya jalb qilinishi va minglab ish o‘rinlari yaratilishi kutilgan edi”, deydi Prezident.

Biroq u ayrim yer ijarachilari 49 yillik shartnoma asosida olgan maydonlarida hech qanday qurilish ishlarini boshlamaganini ta’kidlagan. Ayrim hollarda esa yerlar boshqa shaxslarga o‘tkazilgan yoki belgilangan maqsaddan tashqari ishlatilgan.

Prezident bunday holatlarga chek qo‘yish uchun qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytgan. Unga ko‘ra, investorlar o‘z majburiyatlarini bajarmasa, shartnomalar bekor qilinib, yerlar davlat ixtiyoriga qaytarilishi mumkin.

“Biz yerlarimizni sotmaymiz. Ammo investitsiyalarsiz mamlakat rivojini ta’minlash qiyin”, deydi Japarov.

U Qirg‘iziston hududining bir qarichi ham boshqa davlatga berilmasligini ta’kidlab, har bir yer maydoni mamlakat manfaatiga xizmat qilishi kerakligini bildirgan.

“Qirg‘izistonga sun’iy nizolar emas, yangi zavodlar, ish o‘rinlari, investitsiyalar va kuchli iqtisodiyot kerak”, deydi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga tegishli Cho‘ng‘ara va Tosh-Tepa qishloq aholi punktlari davlat chegarasini belgilash jarayoni doirasida Qirg‘iziston hududiga o‘tkazilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing