QALAMPIR.UZ YouTube kanali faoliyati tiklandi
Jamiyat
−
13 dekabr 2022
5776QALAMPIR.UZ tahririyati cheksiz mamnuniyat bilan shuni ma’lum qiladiki, bir necha kunlik urinishlardan so‘ng YouTube platformasidagi 7 yildan buyon faoliyat olib borayotgan va 500 000 dan ortiq obunachiga ega kanalimiz bugun, 13 dekabr kuni tiklandi.
Xabaringiz bor, bundan bir hafta oldin, 6 dekabr kuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi kanali platforma ma’muriyati tomonidan yopib qo‘yilgan edi. Ayni vaqtda sodir bo‘lgan ushbu holat bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlashga tayyormiz.
Bizga platforma ma’muriyatidan ma’lum qilinishicha, 6 dekabr kuni soat tungi 1:30 va 3:00 oralig‘ida QALAMPIR.UZ YouTube kanaliga zararli dastur orqali buzib kirilgan va kanalga qayd qilingan elektron manzilimizdagi barcha yozishmalar boshqa elektron manzilga yo‘naltirilgan. Shu bois YouTube ma’muriyati tomonidan berilgan ogohlantirishlar bizgacha yetib kelmagan. Belgilangan soat oralig‘ida esa kanalimizda kriptovalyuta bo‘yicha noqonuniy reklama jonli efirda namoyish etilgan. Va bu katta ehtimol bilan xakerlar tomonidan rejali amalga oshirilgan. Shu bois YouTube ma’muriyati kanalni bloklagan va o‘chirib yuborgan.
QALAMPIR.UZ texnik jamoasi bir necha kun davomida YouTube ma’muriyati bilan muloqot olib bordi. Kanal faoliyati qonuniylikka asoslangani tushuntirildi va dalillar ilova qilindi. O‘tgan vaqt mobaynida olib borilgan muzokaralar natijasida o‘chirib yuborilgan kanal faoliyati bugun, 13 dekabr kuni qayta tiklandi.
QALAMPIR.UZ YouTube kanali 2015 yil 13 aprelda ochilgan. Kanalga bugungacha 2 mingdan ortiq video joylangan, ular 70 million marta ko‘rilgan.
QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari o‘tgan bir hafta ichida bizni qo‘llab-quvvatlagan barchaga, xususan Google ma’muriyatiga minnatdorlik bildiradi. Tahririyat o‘z an’analariga sodiq holda faoliyatini davom ettiradi.
LiveBarchasi