QALAMPIR.UZ va O‘zJOKU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Jamiyat
−
25 may 2021
5189Kecha, 24 may kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “O‘zJOKU 3 yoshda: biz bosib o‘tgan yo‘l” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda QALAMPIR.UZ va O‘zJOKU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shartnomaga muvofiq O‘zJOKU internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar fakulteti QALAMPIR.UZ’ga maxsus amaliyot o‘tashi uchun bakalavriat hamda magistratura yo‘nalishi talabalarini yuborishi, o‘z navbatida tahririyatimiz talabalar saytda maxsus amaliyotni o‘tashlari uchun tegishli mutaxassislarni jalb qilib, barcha shart-sharoitlarni yaratishi va boshqa talablar belgilandi.
Konferensiyada universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja “O‘zJOKU faoliyatida qilingan ishlar: noldan komillik sari” mavzusida nutq so‘zladi.
“Hozirgacha esimda, birinchi yil biz universitetga 101 nafar talaba olganmiz. 15 iyundan qabul boshlangandi. U paytda ijodiy imtihonlar bo‘lgandi va bunga yuzlab abituriyentlar kelgandi. Bizni maqsadimiz, yanada o‘smoqchimiz. Birinchi yil 101 nafar, ikkinchi yil adashmasam 276 nafar, uchinchi yil esa 750 nafar degandik, “super kontrakt” hisobiga undan ham ko‘payib ketdi va 850 nafar oldik”, deydi rektor Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Admininistratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev O‘zJOKUning uch yillik faoliyati haqida gapirib, barchani tabrikladi. U universitet yutuqlari haqida to‘xtalib, kamchiliklar ham borligini qo‘shimcha qildi:
“Biz hozir nafaqat o‘zimizning OAV, balki xorijiy kompaniyalar ham davlat tashkilotlari bilan yaqindan ishlayotganini ko‘ryapmiz. OAVda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarni tayyorlashda birmuncha ishlarni qilib qo‘ydik. Endi esa oldimizda ikkinchi ishimiz turibdi: davlat boshqaruvi organlarining matbuot xizmati xodimlariga OAV bilan muloqotni o‘rgatish. Chunki biz ularni tayyorlab, shakllantirib qo‘ydik. Ammo ularni qanday qilib OAV bilan, xalq bilan gaplashishni o‘rgatmadik”, deydi Asadjon Xo‘jayev.
Konferensiya davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev o‘zi har doim jurnalistlar tomonidan tanqidga uchrashini ta’kidlab, fursatdan foydalanib u ham jurnalistlarning kamchiliklariga to‘xtaldi.
“Jurnalistlar doim bizni tanqid qilishadi. Hozir men ham fursatdan foydalanib bitta tanqid qilib olaman. Bizda eng katta muammo menimcha, jurnalistlarning orasida haligacha birdamlik yo‘qligi. Ko‘p mamlakatlarda jurnalistlar so‘z erkinligi borasida ta’qiblarga uchraydi. Bu shuni ko‘rsatadiki, jurnalist bo‘lish eng og‘ir kasblardan biri hisoblanadi. Shunday global dunyoda jurnalistni qonunlar va jamoatchilik himoya qilishi kerak. Ammo birinchi navbatda jurnalistning do‘sti jurnalist bo‘lishi kerak”, deydi deputat.
Plenar yig‘ilishdan keyin konferensiyada bir vaqtning o‘zida 5 ta sho‘bada:
• “Globallashuv davrida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda jurnalistikaning o‘rni” mavzusida;
• “Jurnalist kadrlarni tayyorlashda fan va amaliyot mushtarakligi” mavzusida;
• “Zamonaviy teleradiojurnalistika: dolzarb masalalar” mavzusida;
• “Zamonaviy mediamuhitda PR-kommunikatsiyaning yangi trendlari” mavzusida;
• “Jurnalist kadrlarni tayyorlashda xorijiy tillarning o‘rni” mavzusida muhokamalar o‘tkazildi.
Ushbu sho‘balarda soha mutaxassislari va talabalar hamda davra qatnashchilari o‘rtasida erkin savol-javob ko‘rinishida suhbat bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi