QALAMPIR.UZ'ning jurnalistlarga daxlsizlik berish haqidagi taklifi Parlamentda ko‘rib chiqiladi
Jamiyat
−
14 iyul 2021
4240O‘zbekistonda jurnalistlar daxlsizligini ta’minlash masalasida amaliy ishlar boshlandi. QALAMPIR.UZ asoschisi Qamariddin Shayxovning jurnalistlarga daxlsizlik huquqini berish borasidagi taklifi Oliy Majlis Senatining yangi tashkil etilgan Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilmoqda. Bu haqda bugun, 14 iyul kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida uyushma raisi Olimjon O‘sarov ma’lum qildi.
“Mamlakatimiz rahbarining 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalarni kuchaytirish zarurligi qayd etib o‘tilgan edi.
Bugun bir muhim masala yuzaga kelmoqda –bu jurnalistning daxsizlik huquqi masalasi. Mana shu masalada QALAMPIR.UZ saytining asoschisi Qamariddin Shayxov ham chiqish qildi. Ushbu masalani Senat yoki Parlament bilan ko‘rib chiqish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi.
Biz bugun ommaviy axborot vositalarini to‘rtinchi hokimiyat sifatida e’tirof etamiz. Jurnalist o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirish chog‘ida uning daxlsizligi kafolatlanmagan. Ya’ni istalgan shaxs uning faoliyatiga to‘sqinlik qilishi holati kuzatilmoqda. Agar kuzatadigan bo‘lsak, advokatlarning yoki huquqni muhofaza qilish idoralarining faoliyatini amalga oshirish chog‘idagi daxlsizlik huquqi kafolatlangan”, deydi Olimjon O‘sarov.
QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov kecha, 9 iyul kuni “Yuksalish” umummilliy harakatida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi birinchi yig‘ilishida jurnalistlarga daxlsizlik huquqini berish haqida so‘z ochgandi.
“Bugun juda dolzarb masalalar haqida gaplashyapmiz. Bular haqida gapirish va yozish uchun jurnalistning otning kasallasidek yuragi bo‘lishi kerak. Aytaylik, korrupsiya masala uncha-buncha amaldorlarni cho‘chitadi. Bugun bunday masalalarni ko‘tarayotgan jurnalistlarning daxlsizligi bormi? Qonunga ko‘ra, jurnalist boshqa fuqarolar kabi shaxsiy daxlsizlik huquqlaridan foydalanishga haqli. Tamom! Biz, jurnalistlar advokatlardan kam ish qilyapmizmi? Yoki deputatlardan kam foyda keltiryapmizmi? Holbuki, jurnalistni bugun tuhmat bilan jinoiy javobgarlikka tortish oson bo‘lgan davrda yashayapmiz. Va jurnalistlar qachon qaysi tashkilotlarga chaqirilayotganini ham juda yaxshi bilamiz”, degan edi Qamariddin Shayxov.
QALAMPIR.UZ rahbari jurnalistlarga daxlsizlik huquqini berish va olish shunchaki qaysi idoralar qoshidagi tashkilotlar tomonidan emas, balki Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisi qarori bilan amalga oshirilishi kerakligini ilgari surdi.
“Agar bugun jurnalistlar daxlsizligi muhim masala sifatida ko‘rib chiqilmas ekan, jurnalistlarga daxlsizlik berish masalasi hal qilinmas, berilganda ham buni faqat Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi orqali amalga oshirilishini hal etmas ekanmiz, natija bo‘lmaydi. Va jurnalistlar ichki senzorini kuchaytirib yashashda davom etadi. Daxlsizlik masalasi hal etilmaguncha, ochiqlik va oshkoralikda yangi bosqichga ko‘tarila olmaymiz, so‘z va matbuot erkinligi ham xayollarda qolaveradi”, degandi Shayxov.
LiveBarchasi