QALAMPIR.UZ asoschisi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi – jurnalist Qamariddin Shayxovga TURKSOY Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan “TURKSOY xalqaro media mukofoti” topshirildi. Mukofotlarni o‘z egalariga taqdim etishga bag‘ishlangan marosim Ozarbayjon poytaxti Bakuda joylashgan Mug‘om san’ati markazida bo‘lib o‘tdi. 

Qamariddin Shayxov ushbu mukofot bilan taqdirlanganida xorij safarida edi. Shu bois mukofotni qabul qilib olish uchun Ozarbayjonga QALAMPIR.UZ internet nashri Bosh muharriri Sunnatilla Abdullayev bordi. 

7 mamlakatdan mukofotlangan 36 nafar jurnalistlarga mukofotni Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vaziri Anar Kerimov va TURKSOY Bosh kotibining o‘rinbosari, doktor Bilol Chakiji topshirgan.

 Ushbu mukofot o‘tgan vaqt davomida Qorabog‘da ro‘y bergan qurolli to‘qnashuvlarni xolis yoritgan jurnalistlarga taqdim etildi. Shu bois ham mukofot haykalchasiga Ozarbayjonning madaniy poytaxti Shusha zaminida o‘sadigan “Xari bulbul” guli tasviri tushirilgan. 

Shu o‘rinda “TURKSOY Media mukofoti” 2009 yilda joriy qilingan va turkiy madaniyatni dunyo afkor ommasiga yetkazishga va uni yoyishga xizmat qilgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga topshirib kelinadi.

Biroq, 2020 yilda mukofotlar turk madaniyatini ommalashtirish uchun emas, balki o‘tgan yilning 27 sentyabridan 10 noyabriga qadar davom etgan Qorabog‘ urushini haqqoniy yoritishga xizmat qilgan, kerak bo‘lsa shu yo‘lda jon bergan jurnalistlarga topshirildi.

Qayd etish kerakki, Qorabog‘ mojarosi QALAMPIR.UZ uchun yangi mavzu emas. 2015 yildan beri Qorabog‘ mojarosi saytimizda faol yoritib kelingan. 2020 yilda ham mintaqada Ozarbayjon va Armaniston harbiylari o‘rtasida urush boshlangan ilk kundan e’tiboran QALAMPIR.UZ’da har ikki davlatning rasmiy manbalariga asoslangan holda o‘zbek jamoatchiligiga axborot yetkazib borildi. 44 kun davom etgan urush vaqtida 100 dan ortiq xabar va maqolalar e’lon qilindi. O‘tgan yilning 9 noyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida uch tomonlama bayonnoma imzolanib, urush rasmiy Bakuning g‘alabasi bilan yakunlangach, ozod qilingan yerlarni qayta tiklash jarayoni batafsil yoritib kelindi.

QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova o‘zbek jurnalistlari orasida birinchi bo‘lib Qorabog‘ning armanlardan ozod etilgan Fuzuliy, Lochin, Kalbajar va Ag‘dam tumanlarida bo‘lib, ushbu hududlar 30 yillik mustamlaka davrida qay ahvolga kelganiga: masjidlar cho‘chqaxona va molxonaga aylantirilganiga, maktab, bozor, karvonsaroy, infrastruktura ob’ektlari va shaharlar vayron qilinganiga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘ldi.

Qorabog‘ mojarosi

2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi. 

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi. 

Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

66

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing