Putinning yadro portfelini olib yurgan qo‘riqchisi o‘z joniga qasd qildi – OAV
Olam
−
22 iyun 2022
62388Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yadro portfelini olib yurgan maxfiy polkovnik Moskva yaqinidagi uyida otib ketilgan holda topildi. Bu haqda MKRU nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 53 yoshli Vadim Zimin og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. U akasi tomonidan boshidan o‘q yegan holda topilgan.
Federal xavfsizlik xizmatining iste’fodagi polkovnigi har doim Kreml rahbariga hamrohlik qilgan. U Kremlning “qizil tugma” deb nomlanadigan yadro quroliga mas’ul bo‘lgan. Vadim Zimin dastlab mazkur vazifani sobiq Prezident Boris Yelsinning yordamchisi sifatida bajargan. Keyin u xavfsizlik xizmatiga ishga o‘tgan va Putin davriga kelib polkovnik darajasiga ko‘tarilagan.
Vadim Zimin nafaqaga chiqqanidan so‘ng bojxona xizmatiga ishga joylashgan va u yerda Markaziy bojxona boshqarmasi tender komissiyasi raisi lavozimida ishlagan. Biroq orada uning eski rahbari ishdan ketgan va o‘rniga yangisi kelgan. Yangi xo‘jayin undan o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozishni so‘ragan, ammo Zimin rad javobini bergan.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, unga ikki ish bo‘yicha ayblov qo‘yilib, uy qamog‘iga hukm qilingan. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Zimin ishning natijasi haqida qayg‘urmagan, chunki u avgust oyida bo‘lib o‘tadigan sudda oqlanishiga ishongan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 19 iyun kuni uning akasi Dog‘istondan Moskvaga uchib kelgan va ukasining advokatidan ishning borishi haqida so‘ragan.
Zimin 20 iyun kuni akasiga mast holda o‘z joniga qasd qilish niyati borligini ma’lum qilgan. Ammo aka uni bu niyatidan qaytargan. O‘sha kuni aka-uka kelajak uchun rejalar tuzishni boshlagan. Xususan, Ziminga akasi suddan keyin gul biznesida yordam berishini aytgan.
Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, Zimin boshqa xonaga o‘tib ketgan, u yerda akasi uni boshidan o‘q yegan holda topgan. Uning yonida “Izh 79-9TM” rusumli travmatik to‘pponcha bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, Ziminning turmush o‘rtog‘i shifokor bo‘lib ishlaydi. U hozirda Ukrainadagi maxsus operatsiya zonasida. Voqea sodir bo‘lishidan bir necha kun oldin u xonadoshiga qo‘ng‘iroq qilib, qashshoqligidan shikoyat qilgan. Unga ko‘ra, nafaqadagi polkovnik ishdan va daromadidan ayrilgani uchun tushkunlikka tushib qolgan.