Putinning “Vagner” isyoniga javobi zaif bo‘ldi – Zelenskiy 

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinning “Vagner” qurolli isyoniga javobi zaif bo‘lgani va Rossiya Prezidenti o‘z xalqi ustidan nazoratni yo‘qotayotganini aytdi. Bu haqda u bugun, 3 iyul kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz Putinning munosabatini ko‘ryapmiz. Bu kuchsiz. Birinchidan, biz u hamma narsani nazorat qilmasligini ko‘rdik. “Vagner”ning Rossiyaga chuqur kirib borishi va ba’zi hududlarni egallashi buni qilish qanchalik oson ekanini ko‘rsatadi. Putin mintaqalardagi vaziyatni nazorat qilmaydi. U ilgari ega bo‘lgan barcha hokimiyat vertikali shunchaki qulab tushmoqda”, degan Zelenskiy intervyuda.

Uning aytishicha, Ukraina razvedkasining hisobotlari Kreml Prigojinni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatgan va u Rossiyaning yarmi “Vagner” boshlig‘i va harbiylashtirilgan guruhning isyonini qo‘llab-quvvatlaganini da’vo qilgan.

Ukraina rahbari bilan suhbat nafaqat Prigojinning muvaffaqiyatsiz qo‘zg‘oloni ortidan, balki bir necha hafta davomida Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarib olishga bo‘lgan intilishi bilan bog‘liq. Kiyevning bu sa’y-harakatlari uning G‘arbdagi ittifoqchilari tomonidan jiddiy e’tiborga olingan va 1 iyul kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Bill Berns Kiyevga borib, Zelenskiy va Ukraina razvedka xodimlari bilan uchrashgan.

Ukraina Prezidenti Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari bilan uchrashuvi haqida ommaviy axborot vositalarida xabar berilganidan hayratda qolganini aytgan. 

“Mening Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i bilan muloqotim har doim sahna ortida bo‘lishi kerak. Biz muhim narsalarni – Ukrainaga nima kerakligi va Ukraina qanday harakat qilishga tayyor ekani kabi masalalarni muhokama qilamiz”, degan Zelenskiy.

Bildirilishicha, faxriy diplomat bo‘lgan Berns Kiyevda ishonchli suhbatdoshga aylangan va urush davrida Ukrainaga bir necha bor sayohat qilgan.

“Bizda Markaziy razvedka boshqarmasidan yashiradigan hech qanday sir yo‘q, chunki bizda yaxshi munosabatlar bor va razvedka xizmatlarimiz bir-biri bilan gaplashadi. Vaziyat juda oddiy. Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i bilan o‘zimning ham yaxshi munosabatlarim bor. Men unga jang maydoniga oid barcha muhim narsalarni aytib berdim”, degan Zelenskiy.

Qayd etish joizki, 1 iyul kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Zelenskiy Prigojinning qo‘zg‘oloni jang maydonidagi Rossiya kuchiga katta ta’sir qilgani va Ukrainaning qarshi hujumi uchun foydali bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Kiyev harakatlarining asosiy maqsadi Ukrainaning janubi va sharqidagi hududlarni qaytarib olishga qaratilgan bo‘lsada, Zelenskiy uning yakuniy maqsadi Qrimni, 2014 yilda Rossiya tomonidan xalqaro huquqni buzgan holda anneksiya qilingan yarim orolni ozod qilish ekanini bildirgan.

“Biz Ukrainani Qrimsiz tasavvur qila olmaymiz. Qrim Rossiya ishg‘oli ostida bo‘lsada, bu faqat bir narsani anglatadi: urush hali tugamagan”, deydi Zelenskiy.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Zelenskiy Vagner Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing