Putinning “sunami chaqiruvchi” super quroli soxta ekani aytildi

Olam

image

Joriy haftada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi” deb e’lon qilgan “Poseydon” yadroviy torpedasi Rossiya propagandasi da’vo qilganidek “radiaktiv sunami” hosil qilib, “dushman” davlatlar sohillarini yo‘q qila olmaydi. Bu haqda BMTning Qurollanishni tadqiq qilish instituti (Jeneva) katta ilmiy xodimi Pavel Podvig ma’lum qildi.

Putin “o‘ziga o‘xshashi yo‘q” bu qurol haqida ilk bor 2018 yilda e’lon qilgan. Shundan beri Rossiya propagandasi va hukumat tarafdori bo‘lgan ekspertlar uni “mo‘’jizaviy qurol” sifatida targ‘ib qilib kelmoqda. Masalan, “Rossiya-1” kanalining “Haftalik yangiliklar” dasturi boshlovchisi Dmitriy Kiselev “Poseydon”ning Britaniya yaqinida portlatilishi “balandligi 500 metrga teng sunami”ni keltirib chiqarishini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bunday suv to‘lqini nihoyatda yuqori darajada radiatsiya olib yuradi va Britaniyada qolgan barcha narsani radiaktiv sahroga aylantiradi.”

Joriy yilning 29 oktyabr kuni sobiq Davlat dumasi deputati va sobiq Qora dengiz floti qo‘mondoni Vladimir Komoyedov “bu suv ostida portlashi natijasida sunami hosil qiladigan katta yadroviy bomba”, deb bayonot bergan. Ertasi kuni esa Dumadagi spiker Vyacheslav Volodin G‘arb davlatlarini “Poseydonni portlatmaslik uchun Putinga murojaat qilishga” chaqirgan.

Ammo BMTning Qurollanishni tadqiq qilish instituti katta ilmiy xodimi Pavel Podvigning aytishicha, bunday yadroviy qurollar yordamida sun’iy sunami hosil qilish g‘oyasi SSSR davrida bir necha bor o‘rganilgan va har safar olimlar buni ilmiy jihatdan imkonsiz deb topgan.

Uning bildirishicha, bu g‘oya sovet vodorod bombasining yaratuvchilaridan biri Andrey Saxarov tomonidan ilgari surilgan, biroq hisob-kitoblar “bunday to‘lqin tezda tarqalib ketishini” ko‘rsatgan. Ayrim tadqiqotlarda esa bu fikr “mutlaqo bema’ni” deb baholangan.

“Karnegi” fondi ilmiy xodimi Nikol Grajevskining aytishicha, bu tadqiqotlar ilk bor 1950 yillarda o‘tkazilgan. Unda suvosti bosimi va zarba to‘lqinlari yadroviy portlash ta’sirini kuchaytirishi mumkinmi, degan savol o‘rganilgan.

“SSSR ilmiy institutlari bunday portlashlarni avval Ladoga ko‘lida, keyin esa Yangi Yer (Novaya Zemlya) orollarida modellashtirgan. Natijada quruqlik shelfi energiyaning katta qismini yutib yuborishi va kuchli to‘lqinlarning tez so‘nib ketishi aniqlangan, bu esa qirg‘oqlarda katta vayronagarchiliklarni fizik jihatdan imkonsiz qiladi”, deydi Grajevski.

Mutaxassislarning fikricha, Putinning “Poseydon” va yadroviy dvigatelli “Burevestnik” haqida gapirishi G‘arb sanksiyalariga javoban bosim o‘tkazish maqsadida bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Prezident Vladimir Putinga “Burevestnik” yadroviy raketasining muvaffaqiyatli sinov haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa 15 soat ichida taxminan 14 000 km masofani bosib o‘tgan va bu uni yoqilg‘i quyishsiz butun dunyo bo‘ylab aylanib chiqishiga bemalol yetadi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp “Burevestnik” sinoviga izoh berar ekan, Putinning bu boradagi bayonotlarini “noo‘rin” deb atagan. Tramp, shuningdek, “bizda dunyodagi eng yaxshi atom suvosti kemasi bor. Shuning uchun bizga sakkiz ming mil uchadigan raketa kerak emas” degan.


Maqola muallifi

Teglar

Poseydon Burevestnik super qurol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing