Putinning superyaxtasi Daniya qirg‘oqlari yaqinida ko‘rindi
Olam
−
30 iyun 3774 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bog‘lanadigan “Graceful” super’yaxtasi 2022 yildan beri ilk bor radarlarda paydo bo‘ldi. U Daniya qirg‘oqlari yaqinida harbiy kema kuzatuvida harakatlanayotganda payqab qolingan. Bu haqda Daniyaning DR teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 29 iyun kuni Super’yaxta Daniya suvlaridan suzib o‘tgan. Bundan kemalarni kuzatish bo‘yicha “MarineTraffic” servisi ma’lumotlari dalolat bermoqda.
“The Insider” tomonidan tahlil qilingan “Starboard Maritime Intelligence” ma’lumotlariga ko‘ra, “Graceful” joriy yilning 28 iyun kuni Germaniya qirg‘oqlaridan shimolroqda radarlarda ko‘ringan. Hozirda u Daniya va Norvegiyaning janubiy qismi o‘rtasidagi Skagerrak bo‘g‘oziga chiqqan. Yaxtaning borish manzili sifatida Istanbul ko‘rsatilgan.

“Graceful” yaxtasining Daniya qirg‘oqlarida va monitoring servislarida paydo bo‘lishi kutilmagan hol bo‘ldi: Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin yaxtaning AIS (avtomatik identifikatsiya tizimi) uzatkichi o‘chirib qo‘yilgan edi – kema oxirgi marta o‘z manzili haqidagi ma’lumotlarni 2022 yil avgust oxirida uzatgan. Shundan so‘ng, u baribir Boltiq dengizida, Sankt-Peterburg, Kaliningrad atrofida va Estoniya qirg‘oqlari yaqinida bir necha bor ko‘zga tashlangan.

“Graceful” yolg‘iz paydo bo‘lmagan. Putinning yaxtasini “Voyevoda” patrul kateri va Rossiya esminetsi kuzatib bormoqda. Ularni sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda ham ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, “Graceful” super’yaxtasi 2014 yilda Rossiyaning eng yirik kemasozlik zavodi – “Sevmash”da qurilgan. Bu OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin foydalanadigan yaxtalardan faqat bittasidir.
Live
Barchasi