Putinning “so‘nggi” 10 kuni
Tahlil
−
29 iyul 8648 6 daqiqa
Muddatlar masalasida piarni qoyilmaqom qiladigan, ammo vaqt-soati yetib kelganda “bu shunchaki kinoya” edi deb qo‘yaqoladigan AQSHning amaldagi Prezidenti yana jiddiy siyosiy jarayon uchun muhlat belgiladi. Ikki hafta oldin Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga bosqinni to‘xtatish uchun 50 kunlik muhlat bergan Donald Tramp endi bu muddatni 10-12 kunga qisqartirdi. Ammo qisqartirish ham o‘ziga xos ikkalinishli ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. AQSH yetakchisi Rossiya rahbari bilan ortiq hisoblashib o‘tirmasligi, bundan foyda yo‘qligi va natijasi oldindan ko‘rinib turganini aytganiga qaramay, unga berilgan muhlat 10-12 kun deyilganining o‘zi Trampning hali hanuz bu borada qatiy bir to‘xtamga kelmaganidan dalolatdir. Umuman olganda esa, ortda qolgan davrdan xulosa qilinsa, Tramp tomonidan qaysidir masala yuzasidan “deadline” belgilanishi, uning bajarilmasligini anglatadi, deyish mumkin. Ukrainadagi bosqinni to‘xtatish bo‘yicha dastlab, 24 soat, undan keyin 100 kun va oxirida “buni qanday amalga oshirishni bilmayman” degan odamning kimgadir muhlat berishi bundan buyog‘iga jiddiy ahamiyat kasb etmaydi. Ayniqsa, bu muddat 3,5 yildan buyon deyarli butun dunyo qarshilik qilib kelgan qonli urushni davom ettirayotgan Putinga berilsa, yanada ishonchsiz va natijasiz bo‘lishi hech gap emas. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham Moskvaga qo‘yilgan muhlat juda og‘ir vazndagi mamlakat Prezidenti tomonidan belgilanmoqda va Tramp muddatlar borasida juda mujmal bo‘lsada, baribir u dunyoning eng qudratli davlati boshqaruvida ekanini unutmaslik lozim.
50 dan 10 ga
Esingizda bo‘lsa, 14 iyul kuni Donald Tramp Oq uyda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda 50 kun ichida Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, AQSH Rossiyaning savdo hamkorlariga 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy etishini ma’lum qilgandi. Tramp o‘z ayoli Melaniya oldida Putin masalasida yuzi shuvut bo‘lishi haqida juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan gaplarini aynan o‘sha yerda tilga olgandi. Biroq 50 kunlik muhlat ko‘pchilikka, xususan, G‘arb elitasiga unchalik yoqib tushmadi. Oq uyga tashrifi chog‘ida savalangan va eng so‘nggida haydab chiqarilgandek tassurot qoldirgan Zelenskiy 50 kun uchun ham jon deb minnatdorlik bildirganiga qaramay, YeI rasmiylari bu muhlatni biroz tanqid ostiga olib, ushbu 50 kun Ukrainani vayron qilish uchun qo‘shimcha vaqt ekanini ta’kidlagandi.
Shundan so‘ng, 50 kunlik “ultimatum” hammaning nazarini Oq uy, Kreml va Ukrainadagi vaziyatga hamda uning qanday yo‘nalish olishiga qaratdi. Dastlab, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Donald Trampning Rossiya hamkorlariga 100 foizlik boj joriy qilish haqidagi tahdidini “jiddiy” deb baholadi va bu bayonot Kreml tomonidan tahlil qilinayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu borada shaxsan izoh berishi mumkinligi, ammo hozircha uning pozitsiyasini kutish lozimligini urg‘uladi. Ko‘p o‘tmay, Putinning pozitsiyasi qanday ekani namoyon bo‘ldi. Rossiya Ukrainaga bosqinni kuchaytirdi. Ukraina shaharlari osmonida Rossiyadan uchirilgan dronlar va raketalar kamaymadi. Ammo Donald Tramp shu kunlar davomida ko‘p ehtimol Putinning qo‘ng‘iroq qilishi va tinchlik uchun qandaydir tashabbusni ilgari surishini kutgan bo‘lishi mumkin. Biroq Rossiya yetakchisi yangi tashabbuslarini tinchlik muzokaralari uchun emas, aksincha bosqin harakatlarida namoyon qildi. Bu esa tabiiyki, Trampning sabr-kosasini to‘ldirdi.
26 iyulga kelib esa AQSH Prezidenti Shotlandiyaga tashrif buyurdi. U 27 iyun kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan, 28 iyulda esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kun tartibidagi asosiy masala YeI bilan savdo bitimi va Ukraina edi. Fon der Lyayen bilan ikki o‘rtadagi savdo bitimi va Ittifoqni 15 foizlik boj to‘lashga majbur qila olgan Tramp Starmer bilan uchrashuv kirish qismi va o‘rtasida juda kuhim bayonot bilan dunyo e’tiborini yana o‘ziga qaratdi. U uchrashuv boshlanishi arafasida Ukraina bo‘yicha mojaroni hal qilish uchun ilgari belgilangan “ultimatum” muddatini qisqartirishini e’lon qildi. Ammo u shu joyning o‘zidayoq Rossiyaga qo‘yilgan deadline aynan qancha vaqtga qisqartirilganini ochiqlamadi.
Biroq ichkarida Tramp bu muddat 10 yoki 12 kun etib belgilanishini ma’lum qildi. Starmer bilan muzokaralar yakunida jurnalistlarga ochiqlangan mazkur yangilangan va qisqartirilgan muhlatning sababi sifatida esa tinchlik muzokaralari tomon Rossiyadan hech qanday harakat yo‘qligi keltirildi.
“Men bugundan boshlab yangi muddat belgilayman – 10 yoki 12 kun. 50 kun kutishning ma’nosi yo‘q. Men saxiy bo‘lishni xohlayman, lekin biz hech qanday taraqqiyotni ko‘rmayapmiz”, dedi Oq uy rahbari.
AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaga nisbatan yangi cheklovlarga murojaat qilmaslikni afzal ko‘radi va hali ham Ukrainadagi jangovar harakatlar to‘xtatilishiga umid qilmoqda. Tramp yaqin 24 soat ichida “ultimatum” qo‘yish muddati bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilishini ta’kidladi va 28 iyun kuni aytilgan bu gap keyingi 24 soat ichida rasmiylashtirilishini qo‘shimcha qildi. Tramp shu kuni Putin bilan bir necha bor muzokaralar olib borgani, biroq oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Prezidenti Kiyev va boshqa shaharlarga raketalarni uchirishni boshlashi va odamlarni o‘ldirishda davom etishini yana takrorladi. Shuning u Putindan hafsalam pir bo‘ldi, degan gapni ham yana qayta qayta takrorlashni unutmadi.
Shotlandiyadagi “shou”
Putinga berilgan 10 kunlik “ultimatum”dan tashqari, mazkur muhlat qayerda berilgani va Trampning bu yerga tashrifi qanday amalga oshirilganiga ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli. AQSH Prezidenti onasining vatani hisoblanadigan Shotlandiyaga kelib qo‘nar ekan, o‘zini bu yerning hukmdoridek tutdi. Masalan, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Starmer bilan uchrashuv Trampga qarashli hududda o‘tkazildi va unda Starmer emas, balki Tramp mezbon sifatida harakat qildi. Aslida Birlashgan Qirollikning bir qismi bo‘lgan Shotlandiyadagi ushbu muzokaralar protokol bo‘yicha boshqacha kechishi kerak edi. Ammo Starmer Trampni emas, Tramp Starmerni kutib oldi. Aslida esa Shotlandiya huquqiy maqomiga ko‘ra, Buyuk Britaniya tarkibiga kiradi, lekin o‘zining mustaqil huquqiy tizimini saqlab qolgan. U Angliya va Uelsdagi tizimdan mustaqil ravishda ishlaydi hamda o‘z qonunlari va sud amaliyotiga tayanadi. Biroq shunday bo‘lsada, bu yerlar Birlashgan Qirollik tarkibida va Tramp bu masaladagi protokolni butunlay buzdi.
O‘zi umuman Starmer va Tramp o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda hech qanday protokolga tayanmayapti. Oq uydagi uchrashuvda u tomonidan Trampga Qirolning Britaniyaga tashrif taklifi yozilgan xat va bu safargi uchrashuvdagi holat bunga dalildir. Protokolni to‘liq buzgan holda, Tramp Buyuk Britaniya Bosh vazirni o‘z samolyotida Shotlandiya bo‘ylab aylantirib, boshqa golf klubiga olib ketgani ham ko‘plab maqola va xabarlarning bosh mavzusi bo‘ldi. Shundan bir kun oldinroq, 27 iyul sanasida Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ham Trampga qarashli Ternberri maydoniga kelib, yevropaliklar tomonidan “taslim bo‘lish” deb atalayotgan savdo bitimi bilan ortga qaytgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr