Putinning Mo‘g‘ulistonga tashrifi XJSga og‘ir zarba – Kiyev

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Mo‘g‘ulistonga tashrifi Xalqaro jinoiy sud (XJS) va xalqaro jinoiy huquqqa “og‘ir zarba” bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Georgiy Tixi o‘zining X’dagi sahifasida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mo‘g‘uliston o‘z harakatlari bilan Rossiya Prezidentiga “adolatdan qochishga” yordam bermoqda.

"Biz hamkorlar bilan buning Ulan-Batorga ta’sirini ta’minlash uchun ishlaymiz", deya ta’kidladi Tixi.

Putin kecha, 2 sentyabr kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Mo‘g‘ulistonga bordi. U buni Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan amalga oshirdi.

Kremlda ma’lum qilinishicha, safar SSSR va Mo‘g‘ulistonning “Xalxin-Gol daryosi bo‘yida yapon militaristlari ustidan qozongan” g‘alabasining 85 yilligiga to‘g‘ri keldi va ikki davlat Prezidentlari shu munosabat bilan bir-birini tabriklashdi.

Bugun, 3 sentyabrda Faxriy qorovul va otliqlar faxriy eskorti Ulan-Batorda Sux-Bator maydonida Putin va Xurelsuxni qarshi oldi. Shu yerda Rossiya Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Rossiya Federatsiyasi va Mo‘g‘ulistonning davlat bayroqlari ko‘tarildi. Ikki davlat madhiyalari yangradi. Marosim davomida Putin va Xurelsux o‘z delegatsiyalari a’zolarini ham tanishtirdi.

Vladimir Putin Davlat saroyida Mo‘g‘uliston Prezidenti bilan uchrashdi. Suhbat mo‘g‘ullarning urf-odatlari va ramzlari inobatga olingan holda yaratilgan saroy ichidagi o‘ziga xos inshoot – o‘tovda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv oldidan Vladimir Putin faxriy mehmonlar kitobiga yozuv qoldirdi.

Vladimir Putin va Uxnagiyn Xurelsux o‘rtasidagi tor doiradagi suhbat yakunlandi. Hozirda delegatsiya a’zolari ishtirokida muzokaralar olib borilmoqda.

Mo‘g‘uliston Xalqaro jinoiy sud a’zosi hisoblanadi. Ishtirokchi davlatlar, shuningdek, XJS tomonidan qidiruvda bo‘lgan shaxslarni o‘z hududida ushlab turishi shart.

2023 yilning 17 martida XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani “bolalarni Ukrainadan noqonuniy olib chiqish” aybi bilan hibsga olishga order berdi. Rossiya ayblovlarni rad etib, bolalarni o‘qqa tutilgan xavfli zonalardan olib chiqayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina Mo'g'uliston XJS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing