Putinning qarori “qimmat”ga tushdi. YeI ham Rossiya banklariga sanksiya kirityapti

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya armiyasini moliyalashtirgan uchta bankka nisbatan sanksiyalar joriy qiladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiya DXR va LXRni tan olgani uchun  mamlakatning uchta banki – VEB, “Rossiya” banki va Promsvyazbankga qarshi sanksiyalar joriy qilishni rejalashtirmoqda. Sanksiya qo‘llanishiga banklarning Rossiya armiyasini moliyalashtirgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

“Rossiyaning Donetsk xalq respublikasi va Luganck xalq respublikasini tan olish haqidagi qarori noqonuniydir”, degan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun, 22 fevral oqshomiga qadar Tashqi ishlar vazirlari YeI Rossiyaga qarshi joriy qiladigan sanksiyalarning yakuniy ro‘yxatini kelishib olgan. Rossiya mudofaa sanoati bilan ishlaydigan banklarga nisbatan cheklov choralari ko‘riladi. 

“Bloomberg”da qayd etilishicha, Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson parlamentda Rossiyaning beshta banki va Rossiya Federatsiyasining uch fuqarosiga qarshi alohida sanksiyalar joriy etilishini ma’lum qilgan.

Britaniya Bosh vazirining ta’kidlashicha, Boris va Igor Rotenberg, Gennadiy Timchenko  hamda Promsvyazbank, “Rossiya” banki, Sanoat jamg‘arma banki, Qrimning ikkita – “Qora dengiz” taraqqiyoti banki va Genbankka qarshi sanksiyalar joriy etilmoqda.

“Ularning Buyuk Britaniyadagi barcha aktivlari muzlatiladi, manfaatdor shaxslarning bu yerga kirishi taqiqlanadi. Bundan tashqari, Britaniyaning barcha jismoniy va yuridik shaxslariga mazkur banklar bilan biznes yuritishni taqiqlaymiz”, degan Jonson.

Boris Jonsonga ko‘ra, bu sanksiyalarning birinchi to‘lqini hisoblanadi. Agar vaziyat yanada keskinlashsa, Britaniya AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda boshqa sanksiyalarni ham qo‘llaydi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Shuningdek, AQSH bugun, 22 fevral kuni Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olgani uchun Rossiyaga nisbatan cheklov choralarini joriy qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

258

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing