Putinni qo‘lga olishga hojat yo‘q – Tramp (video)
Olam
−
10 yanvar 12064 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp “Fox News” muxbiri Piter Dusining “Putinni qo‘lga olish bo‘yicha topshiriq berasizmi?” degan savoliga “bunga hojat yo‘q”, deb javob qaytardi. Bu haqda u AQSH neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv vaqtida aytib o‘tgan.
Muxbir so‘zining avvalida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiyaga bosim o‘tkazish va Checheniston rahbarini qo‘lga olish kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eslagan.
“Agar diktatorlar bilan shunday munosabatda bo‘lish mumkin bo‘lsa, unda AQSH keyingi qadam nima bo‘lishini biladi”, degan Zelenskiy, biroq u aynan kimga murojaat qilganini aytmagan.
Piter Dusi Donald Trampga xuddi Delta kuchlari Venesuela rahbari Nikolas Maduroni hibsga olgani kabi “Putinni qo‘lga olish” bo‘yicha savol bergan.
“Xuddi u (Zelenskiy) sizni borib Vladimir Putinni qo‘lga olishga majbur qilmoqchi bo‘lgandek eshitildi. Siz qachondir Vladimir Putinni qo‘lga olish bo‘yicha topshiriq berasizmi?” deya so‘ragan u.
Oq uy yetakchisi Donald Tramp esa ushbu savolga doimgidek ikki tomonlama javob qaytargan.
“Yaxshi, menimcha, bunga hojat yo‘q. Men har doim u bilan yaxshi munosabatda bo‘lganman. Lekin hozirgi vaziyatdan juda hafsalam pir bo‘lmoqda”, degan u.
U Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik kelishuvi tuzilmay qolganidan noroziligini bildirib, bu masala saylovoldi dasturida ustuvor vazifa bo‘lganini ta’kidlagan.
“Men sakkizta urushni yakunlaganman. Men bu ish o‘rtacha yoki eng oson ishlar qatorida bo‘ladi deb o‘ylagan edim. Bilasizmi, Piter, so‘nggi oy ichida ular 31 ming odamni yo‘qotdi, ularning ko‘pi rus askarlari va Rossiya iqtisodiyoti yomonlashmoqda. Menimcha, biz buning ustidan kelishuvga erishamiz. Men xohlardimki, buning tezroq yakunlanishini, chunki bu urushda ko‘p odamlar nobud bo‘lmoqda”, degan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning uchinchi o‘g‘li Adam Qodirov, agar otasi yoki Rossiya Prezidenti Vladimir Putin buyruq bersa, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni sud qilish uchun Grozniyga olib kelishga va’da bergandi.
Live
Barchasi