Putinni ayovsiz tanqid qilgan Strelkov qamaldi

Olam

image

Bugun, 21 iyul kuni tushdan so‘ng tan olinmagan Donetsk Xalq Respublikasi sobiq Mudofaa vaziri va Rossiya Federal Xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi Igor Strelkov hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Kun yakunlanmay uning sudi ham bo‘lib o‘tdi va amaldagi hukumatni ayovsiz tanqid qilib kelgan Strelkov “ekstremizmga targ‘ib qilish” ayblovi bilan ikki oy qamoqda saqlab turishga hukm qilindi.

Qayd etilishicha, u dastavval sudga ommaviy axborot vositalari kiritmasligini so‘ragan. Ammo uning iltimosi rad etilgan. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 280-moddasi ikkinchi qismi (Ekstremizmga da’vat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu modda 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Ta’kidlanishicha, sudda Strelkovni tergov izolyatoriga jo‘natish so‘ralgan. Uning o‘zi esa izolyatorda emas, uy qamog‘ida saqlashlarini iltimos qilgan.

“Yaqinda menga ikkinchi darajali angina pektorisi tashxisi qo‘yildi, hech qanday ma’lumotnoma olishga ulgurmadim. Men har kuni kerakli dori-darmonlarni qabul qilaman. Menga uy qamog‘i tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilishini istayman... Tergovchining chet elda yashirinishim mumkinligi haqidagi bayonoti ochiqchasiga kulgili, meni dunyoning aksariyat mamlakatlarida Interpol qidirmoqda. Men Gaaga tribunali tomonidan “qilmagan jinoyatim” uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindim”, degan u.

Uning advokati Aleksandr Moloxovga ko‘ra, sudda uning Telegram kanaliga 2022 yilning 25 may kuni joylangan post namoyish qilingan. Jinoyat ishi esa “Vagner” sobiq shifokorining talabi bilan 2023 yil 18 iyulda ochilgan.

Strelkov unga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan va sud bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan.

Ma’lumot uchun, Igor Strelkov Rossiya armiyasi va Federal Xavfsizlik xizmatining sobiq zobiti sanaladi. U 2014 yilda Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi hamda Donbassdagi urushda tan olinmagan Donetsk Xalq Respublikasi harbiy guruhlarining tashkilotchisi sifatida muhim rol o‘ynagan. Keyinchalik DXR Mudofaa vaziri deb e’lon qilingan. Biroq Malayziya samolyotining urib tushirilishi oqibatida 298 yo‘lovchi halok bo‘lganidan so‘ng vazifasidan ozod qilingan. Igor Girkin Ukraina hukumati tomonidan terrorizmda ayblangan. Ukraina sharqidagi separatistik harakatlari ortidan bir qator davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya, Kanada, Shveysariya va Ukraina unga nisbatan sanksiyalar kiritgan.

Girkin avvaliga Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab keldi. Biroq, keyinchalik armiyani layoqatsizlikda ayblay boshladi. U 2022 yilning oktyabr oyida Ukraina urushida bir muddat ko‘ngilli sifatida ham qatnashdi. Rossiyaga qaytganidan so‘ng esa urushda yanada qat’iyroq choralar ko‘rish tarafdori bo‘lgan “G‘azablangan vatanparvarlar klubi”ni tuzdi.

Ta’kidlash joizki, Igor Strelkov Putinni ham juda qattiq tanqid qilib keldi. Jumladan, joriy yilning iyun oyida uning Putin urushda hech qachon g‘alaba qozona olmasligi haqidagi videosi tarqaldi.

“Armiyamiz bu urushda qanday g‘alabalarga erishmasin, mamlakat rahbariyatining bunday yondashuvi bilan yo‘qotishlarimiz ortaveradi”, degan edi u.

Strelkov, shuningdek, Ukrainada bir necha kun ichida ko‘plab Rossiya tanklari yo‘q qilinganini tanqid qilib, Putin haqida shunday degandi:

“2023 yilning iyun oyida Xerson tashlab ketildi, Izyum tashlab ketildi, Kupyansk tashlab ketildi... U tankni paraddan boshqa hech qayerda ko‘rmagan, uning miyasiga nima bo‘lgan? U haqiqatan ham keksa odamga o‘xshab emas, yosh bola kabi harakat qilmoqda”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made