Putinmi yo Zelenskiy? Erdo‘g‘an ikki Prezidentdan qay biri bilan munosabatlari qadrliroq ekaniga baho berdi
Olam
−
01 iyul 2022
27815Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Madridda o‘tgan NATO sammitidan so‘ng, jurnalistlar bilan muloqot qildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlaridan biri Erdo‘g‘anga “Bir vaqtning o‘zida ham Rossiya, ham Ukraina Prezidentlari bilan muloqot qilayotgan oz sonli Prezidentlardan birisiz. Yangi diplomatiyani qanday baholaysiz?”, degan savol bilan yuzlandi. Prezident esa savolga javobni o‘zining siyosiy tarixini eslashdan boshladi.
“Mening siyosatda 40 yillik tarixim bor. Bu jarayonni shahar hokimligidan Bosh vazirlikgacha, Prezidentlikka qadar bosib o‘tdim. Siyosatdagi partiya tashkilotlarining eng quyi pog‘onalaridan ko‘tarilib, bu lavozimlarga keldim. Shuning uchun men bir narsani o‘rgandim: siyosat janjal va shov-shuv ishi emas. Agar siyosat ko‘proq tinchlikka qaratilgan bo‘lsa, bu yerda siz ko‘proq do‘st orttirishga harakat qilasiz. Qancha ko‘p dushman orttirsangiz, siyosatda shuncha ko‘p yutqazasiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan munosabatlariga baho berarkan, Putin bilan aloqalari ancha eskiga borib taqalishini, Zelenskiy bilan muloqoti Ukrainadagi xavotirli vaziyat ortidan boshlanganini urg‘uladi.
“Janob Putin bilan o‘tmishim eski, Zelenskiy bilan yangiroq. Chunki janob Zelenskiyning Ukraina siyosatidagi o‘tmishi unchalik eski emas, lekin u Ukraina siyosatida hokimiyat tepasiga kelganidan beri bizning munosabatlarimiz qizg‘in davom etdi.
Janob Putin bilan esa ancha eski munosabatlarga egamiz. Endi bir haqiqat bor. Agar biz bu yerda vositachi bo‘lmoqchi bo‘lsak, eng muhim qadamlarimizdan biri nima edi? Biz Ukraina va Rossiya Federatsiyasi vakillarini Istanbulda birlashtirdik. Ular mamnuniyat bilan uchrashish orqali yangi jarayonni boshladilar, boshladik. Keyingi jarayonda ham buni tezlashtirishimizni istayman.
Ayniqsa, don inqirozi hukm surayotgan dunyoda ularni ham Rossiyadan, ham Ukrainadan olib chiqa olsak, men ishonamanki, hozir g‘alla – bug‘doy, arpa, kungaboqar yog‘i va boshqalardan qiynalayotganlar yengil tortishlari mumkin”, deydi Erdo‘g‘an.