Putinga “reja”dan tashqari savol bergan jurnalist ishdan bo‘shadi

Olam

Matbuot anjumani vaqtida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga savol bergan “Yamal-Region” okrug davlat televizion va radioeshittirish kompaniyasi jurnalisti Alisa Yarovskaya ishdan bo‘shatildi. “URA.RU”ning xabar berishicha, bunga mahalliy hokimiyatning savol bilan bog‘liq noroziligi sabab bo‘lgan.

Yarovskaya Prezident matbuot anjumani vaqtida Yamaldagi Ob daryosi ustidan qurilayotgan ko‘prik bilan bog‘liq muammolarni Putinga aytgandi.

“Bizning gubernator Dmitriy Artyuxov loyiha amalga oshishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga solyapti. Ammo biz bu haqda juda kam eshityapmiz va shuni bilmoqchimiz: federal “og‘ir artilleriya”ni yordamga chaqirish mumkin emasmi?”, degan jurnalist.

Prezident loyihalarni amalga oshirishda ularning muhimlik darajasiga qarab imkoniyatlar taqsimlanishini aytgan.

“Bilasizmi, transport infratuzilmasini rivojlantirish reja bilan bo‘ladi. Gubernatorlar bunday taklif bilan menga ham, RF hukumatiga ham, Transport vazirligiga ham murojaat qiladi. Umumiy kontekstdagi biror loyihada to‘xtab qolish maqsadga muvofiq emas. Ammo siz aytayotgan ko‘prik, shubhasiz, muhim infrastruktura loyihalaridan. Portlarga temir yo‘lning yetib borishi, siz aytgan Shimoliy dengiz yo‘li, biz uchun juda muhim. Biz buni tushunamiz, bilamiz va inobatga olamiz”, degan Putin.

Nashrning qayd etishicha, jurnalistning savolini yuqori martabali amaldorlar salbiy qarshi olgan. Anjumandan keyin Yarovskaya bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilingan. Alisaning savoli noo‘rin bo‘lgan. Negaki, jurnalistlar Putinga ma’lum mavzularda savol berishi kelishilgan. Masalan, yamallik jurnalistlar yirik magistral temir yo‘l qurilishi bilan bog‘liq savollar berishi belgilangan. Yarovskayaning savoli kutilmaganda berilgan.

Alisa Yarovskaya o‘zi xohishi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozganini aytib o‘tgan. Ammo boshqa savollarga javob qaytarmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Alisa Yarovskaya

Baholaganlar

468

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing