Putinga aniq signal yuborish kerak: uning rejasi ish bermaydi – Shols
Olam
−
06 fevral
14845Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga harbiy yordamni kamaytirmaslikka chaqirdi. Bu haqda u kecha, 5 fevral kuni Berlinda Fransiya Bosh vaziri Gabriel Attal bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Men Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar Rossiya Prezidentining bu muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi, degan umidini yo‘qqa chiqarish uchun ham (Ukrainaga) katta yordam yuborishi kerak deb hisoblayman”, deydi Shols.
Germaniya kanslerining aytishicha, Vladimir Putin qachonlardir G‘arb mamlakatlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishiga umid qilmoqda.
"Unga Qo‘shma Shtatlar va Yevropadan aniq xabar yuborish kerak: bu reja ish bermaydi. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz", deb takidlaydi Olaf Shols.
O‘z navbatida, Gabriel Attal Fransiya Ukrainaga yordam dasturini kengaytirish niyatida ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, gap nafaqat moliyaviy yordam, balki qurol-yarog‘ haqida ham ketmoqda. Shu bilan birga, Attal yetkazib berilayotgan qurollarning sifati ham muhim ekanini aytdi.
“Ular (qurollar) ukrainaliklar o‘zlarini himoya qilishi uchun zarur bo‘lgan eng yuqori standartlarga javob berishi kerak”, deydi Bosh vazir.
Attal Fransiya Ukrainaga SCALP qanotli raketalarini yetkazib berganini eslatdi. Biroq, Shols hali ham Kiyevga kuchliroq nemis TAURUS raketalarini topshirishdan bosh tortmoqda.
Qayd etish joizki, Germaniya Ukrainaga Rossiyaning bosqini boshlanganidan beri ko‘rsatilgan yordam miqdori bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda. 2022 yil 24 fevraldan beri Berlin Kiyevga 6 milliard yevroga yaqin harbiy yordam bergan. Xususan, Germaniya Ukrainaga Leopard tanklari, IRIS-T SLM havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalarni yetkazib berdi.
Bundan tashqari, Germaniya hukumati 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam miqdorini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Buning sharofati bilan Germaniya mudofaa xarajatlarini YAIMning 2,1 foizigacha oshiradi va shu tariqa NATO talabini qondiradi.
Biroq, Germaniyada Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi TAURUS raketalari bilan ta’minlash imkoniyati bo‘yicha bahslar davom etmoqda. U Bundesverning 500 kilometr masofaga uchadigan eng zamonaviy yuqori aniqlikdagi raketalaridan biri. Bu raketa bunkerlar va ko‘priklarni yo‘q qilish uchun juda samarali vosita hisoblanadi. Ko‘pgina nemis siyosatchilari Kiyevga raketalarni yetkazib berish tarafdori, ammo Olaf Shols bunga rozi emas. Bu TAURUS Rossiya hududida joylashgan nishonlarga ham zarba berishi mumkinligi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ispaniyaning “El Pais” gazetasi Ukrainada urush qancha uzoq davom etsa, Kiyev ittifoqchilari unga yordam qo‘lini cho‘zishlari shunchalik qiyinlashishini yozgandi.
LiveBarchasi