“Chuqur afsusdaman!” Putin Jirinovskiyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Olam
−
06 aprel 2022
12520Xabaringiz bor, bugun, 6 aprel kuni Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi 75 yoshli Vladimir Jirinovskiy vafot etdi. Mamlakat Prezidenti Vladimir Putin Jirinovskiyning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Men Vladimir Volfovich Jirinovskiyning vafotidan chuqur afsusdaman. Vladimir Jirinovskiy tajribali siyosatchi, muloqotga ochiq g‘ayratli inson, yorqin notiq va polemist edi”, deyiladi telegrammada.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Liberal-demokratik partiyasi rahbari Rossiya parlamentarizmi, ichki qonunchiligini rivojlantirish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirgan va har doim eng muhim milliy muammolarni hal qilishga hissa qo‘shishga intilgan.
Putin Jirinovskiy barcha muhokamalarda vatanparvarlik pozitsiyasini egallab, Rossiya manfaatlarini himoya qilganini ta’kidladi.
Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin ham Vladimir Jirinovskiyning oila a’zolari, do‘stlari va hamkasblariga chuqur hamdardlik bildirdi .
“Vladimir Volfovich Jirinovskiyni taniganlarning barchasi uni serqirra shaxs sifatida qadrlardi, halolligi, qat’iyati va shaxsiy odobi hamda xayrixohligi uchun hurmat qilar edi. U bizning xotiramizda, qalbimizda saqlanib qoladi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Vladimir Jirinovskiy 6 aprel kuni 75 yoshida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi .
Joriy yilning 25 mart kuni ham Jirinovskiy vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq keyinroq siyosatchining o‘limi tasdig‘ini topmadi.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Jirinovskiy joriy yilning 2 fevral kuni koronavirusning “omicron” shtammi bilan kasallangandi. Oradan biroz o‘tib, uning sun’iy nafas olish apparatiga ulangani va tibbiy koma holatiga tushirilgani aytildi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi o‘pkasining 70 foizi zarar ko‘rgan, biroq keyinchalik uning ahvoli yaxshilangan.
Qayd etish kerakki, oxirgi marta Jirinovskiyning ahvoli yaxshilangani, u ko‘rsatmalar berishni boshlagani aytilgandi.
Vladimir Jirinovskiy sobiq sovet davlatlariga aloqador turli xil tuturiqsiz provokatsion fikrlar bildirishi bilan odamlarga yaxshi tanish. Ko‘plab ekspertlar uni “Kremlning og‘zi” deb hisoblaydi.
So‘nggi bor u Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan tartibsizliklar SSSR tarkibida bo‘lgan barcha respublikalarda sodir bo‘lishini aytgandi.
LiveBarchasi