Putin “Yil odami” bo‘lishi mumkin 

Olam

image

Amerikaning "Time" jurnali talqiniga ko‘ra Rossiya Prezidenti Vladimir Putin "Yil odami" ga aylanishi mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.

Nashr har yili o‘tgan 12 oy ichida dunyoga eng katta ta’sir ko‘rsatgan shaxs, guruh yoki konsepsiyani tanlaydi. Kecha, 4 dekabr kuni jurnal ushbu maqomga sazovor bo‘lishi mumkin bo‘lgan 9 nafar nomzodni e’lon qildi, ularning orasida Rossiya yetakchisi ham bor. G‘olib nomi 6 dekabr, chorshanba kuni ma’lum bo‘ladi. 

"Time" jurnaliga ko‘ra, 1999 yildan beri Rossiyada hokimiyatni qo‘ldan boy bermay kelayotgan Putin ikkinchi yildirki Ukrainada urush olib borishdan "charchamayapti". Kutilmagan ko‘ngilxiraliklar, jumladan, 2023 yilda "Vagner" qo‘zg‘oloni paytida ham o‘zining "jonkuyar elchisi" Belarus fuqarosi Lukashenko vositachiligida kelishuvga erishdi. Shu bilan birga "Vagner" rahbari Yevgeniy Prigojinni ham "nozik harakatlar bilan o‘yindan chetlashtirdi".

Shuningdek, "2023 yilning odami" nominatsiyasi uchun qolgan nomzodlar ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish olgan:

  • "Gollivud isyonkorlari" – yil bo‘yi ish tashlagan Gollivud yozuvchilari va aktyorlari. Ularning noroziliklari ortidan shou va filmlarni ishlab chiqarish to‘xtab qoldi; 
  • Si Szinpin – Xitoy rahbari 2023 yilda uchinchi muddatiga saylandi va Xitoyning eng qudratli zamonaviy yetakchisi bo‘lib oldi; 
  • Teylor Svift – "Gremmi" mukofoti sohibasi o‘z albomlarini qayta chiqarib, rekord darajada daromad oldi. Shuningdek, tarixdagi eng muvaffaqiyatli film-konsertni taqdim qildi;
  • Sem Altman – inqilobiy sun’iy intellekt ChatGPT asoschisi bo‘lgan OpenAI kompaniyasi bosh direktori lavozimidan ketgach, jamoasining shov-shuvli norziliklaridan so‘ng yana o‘z o‘rniga qaytdi; 
  • Trampga qarshi prokurorlar – Donald Tramp AQSH tarixida ayblov e’lon qilingan birinchi prezident bo‘ldi. U 90 dan ortiq ayblovlarni o‘z ichiga olgan to‘rtta alohida jinoyat ishi bo‘yicha sudlanmoqda; 
  • "Barbie" – Rejissyor Greta Gervig tomonidan suratga olingan film 1,4 milliard dollar daromad keltirdi va yilning eng kassabop filmi bo‘ldi; 
  • Qirol Charlz III – o‘nlab yillar davomidagi kutishdan keyin Buyuk Britaniya va boshqa hududlarning asosiy monarxi taxtiga o‘tirdi; 
  • Jerom Pauell - 2018 yil fevral oyidan beri Federal zaxira tizimi raisi, foiz stavkalarini oshirish orqali Qo‘shma Shtatlarda yuqori inflyatsiyani jilovlay oldi. 

Ma’lumot o‘rnida, 1927 yildan beri Amerikaning "Time" jurnali yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’i nazar yil davomida voqealar markazida bo‘lgan shaxslar, konsepsiyalar yoki guruhlarni nomzodlar ro‘yxatiga kiritadi. Turli yillarda ro‘yxatdan AQSH Prezidenti Jo Bayden, vitse-prezident Kamala Xarris, kenja Martin Lyuter King, Germaniya kansleri Angela Merkel, Rim papasi Fransisk va ekologiya faoli Greta Tunberg joy olgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda nashr Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va "Ukraina ruhi"ni "Yil odami" deb topgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Yil odami

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing