Putin yadro qurolidan foydalanishning yangi shartlarini aytdi
Olam
−
25 Sentabr
12067Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yadroviy quroldan foydalanish tamoyillarini o‘zgartirish va yadroviy to‘siq bo‘yicha davlat siyosati asoslarini yangilashni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 25 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
"Har qanday yadroviy bo‘lmagan davlat tomonidan, lekin yadroviy davlat ishtirokida yoki ko‘magida Rossiyaga qarshi tajovuz ularning Rossiya Federatsiyasiga qo‘shma hujumi deb hisoblanishi taklif etiladi", degan Putin.
U mavjud me’yorlarni tuzatish zarurligini hozirgi harbiy-siyosiy vaziyatdagi "dinamik o‘zgarishlar" hamda Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilari uchun "harbiy tahdidlar va xavflarning yangi manbalarining paydo bo‘lishi" bilan bog‘ladi.
Putin Rossiya Federatsiyasi va Belarusga qarshi "agressiya sodir bo‘lgan taqdirda yadro qurolidan foydalanish huquqini" o‘zida saqlab qolishini ta’kidladi. Bundan tashqari, u Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenko bilan "bu masalalarning barchasi kelishilgan"ini aytdi.
“Yadro qurollari, shu jumladan, agar dushman oddiy qurollardan foydalangan holda Rossiya Federatsiyasi yoki Belarus suverenitetiga jiddiy xavf tug‘dirsa, qo‘llaniladi”, dedi Rossiya Prezidenti.
Ayni paytda, 2020 yildan beri amalda bo‘lgan Rossiyaning yadroviy to‘xtatuvchilik doktrinasiga o‘zgartirishlar kiritilishi noma’lumligicha qolmoqda. Ushbu hujjatda Rossiya Federatsiyasi o‘ziga yoki uning ittifoqchilariga qarshi yadroviy yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llashga javoban, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga oddiy qurollardan foydalangan holda tajovuz qilingan taqdirda va davlatning mavjudligi tahdid ostida bo‘lsa, yadro qurolidan foydalanish mumkinligi qayd etilgan,
Avvalroq Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov G‘arbning so‘nggi mojarolari va harakatlari tahlili asosida yadroviy doktrinaga o‘zgartirishlar tayyorlanishi haqida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, "tuzatish qilish niyati aniq, bu ham so‘nggi yillarda mojarolarning rivojlanishi tajribasini o‘rganish va tahlil qilish bilan bog‘liq".
LiveBarchasi