Yaponiya Rossiya aktivlari hisobidan Ukrainaga 3 mlrd dollar o‘tkazadi

Olam

image

Yaponiya hukumati Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan foydadan Kiyevga yana 3 milliard dollar o‘tkazadi. Bu haqda 25 dekabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba bilan telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi.

Bir oy oldin Tokio G7 mamlakatlari tashabbusi doirasida Ukrainaga xuddi shunday miqdorni ajratgan edi: u Kiyevga Rossiya aktivlari garovi bilan umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdorida kredit berishni nazarda tutadi.

Zelenskiy Isiba bilan suhbatda Yaponiya hukumati va xalqiga “minglab odamlarning hayotini saqlab qolish imkonini beruvchi umumiy qiymati 12 milliard dollarlik barcha yirik gumanitar va moliyaviy yordam uchun” minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Yaponiya Bosh vaziriga 25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukraina energetika infratuzilmasini ommaviy ravishda o‘qqa tutgani haqida gapirib berdi.

Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshidan beri Kiyevga moliyaviy, gumanitar va noharbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Joriy yilning iyun oyida G7 mamlakatlari yetakchilari Ukrainaga 50 milliard dollarlik kredit ajratishni ma’qullagan edi, u Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan foyda hisobiga qaytariladi.

AQSH Prezidenti Jo Bayden 23 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinadigan foyda evaziga Ukrainaga 20 milliard dollar kredit ajratishni nihoyat ma’qullaganini ma’lum qildi. Qolgan 30 milliard dollarlik kredit G7’ning boshqa hamkorlari – Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya va Yaponiyadan olinadi. 2024 yil oxirigacha Ukrainaga mablag‘lar oqib kela boshlashi kutilmoqda.

“Ushbu kreditlar Ukraina xalqini o‘z mamlakatini himoya qilish va qayta qurishda qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Vladimir Putinga dunyo Ukraina atrofida birlashganini hamda AQSH va G7’dagi hamkorlarimiz uni har qadamda qo‘llab-quvvatlashda davom etishini yana bir eslatadi”, dedi Bayden bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal Vashington tomonidan Kiyevga Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan birinchi 1 milliard dollar o‘tkazilganini ma’lum qilgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Yaponiya Ukraina G7

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing