Putin va Japarov rus tilida o‘qitiladigan maktablar qurilishiga start berdi
Olam
−
01 Sentabr 2023
5410Bugun, 1 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkek, Botken va Qorako‘lda rus tilida o‘qitiladigan uchta maktab qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda videoaloqa orqali ishtirok etdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Ishonchim komilki, yangi rus maktablari Qirg‘izistonning yosh avlodini har tomonlama tarbiyalash va o‘qitishga hissa qo‘shadi, shu orqali davlatlarimiz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik an’analarini chuqurlashtirishga, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga, Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi haqiqiy strategik sheriklikka hissa qo‘shadi”, degan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, 2027 yilgacha Rossiya Qirg‘izistonning yettita shahri va ikkita qishlog‘ida to‘qqizta maktab qurishni rejalashtirmoqda. U yerda 11 mingdan ortiq bola ta’lim oladi.
Qayd etilishicha, mazkur maktablardagi o‘quv jarayoni bir vaqtning o‘zida ham Rossiya, ham Qirg‘iziston ta’lim standartlari bo‘yicha olib boriladi. Maktab bitiruvchilari esa ikkita attestat oladi.
Shu bilan birga, Rossiya rahbari Prezident Japarovning rus tiliga oid turli loyihalarni amalga oshirishdagi shaxsan ishtirokini qayd etgan.
“Ta’kidlaymanki, bu xilma-xil ta’lim loyihalarining barchasi Qirg‘izistonda rus tili o‘z o‘rnini saqlab qolishi uchun ko‘p ishlarni amalga oshirayotgan Prezident Sadir Japarovning qo‘llab-quvvatlashi va shaxsiy ishtiroki tufayli amalga oshdi”, deydi Putin.
O‘z navbatida, Sadir Japarov Qirg‘izistonning barcha viloyatlarida hamda Bishkek va O‘sh shaharlarida Putinning shaxsiy ko‘magi bilan har biri 1224 o‘ringa mo‘ljallangan to‘qqizta zamonaviy maktab barpo etilishini qayd etgan. Uning aytishicha, bugun qurilishiga start berilgan mazkur uchta maktab 2025 yilning 1 sentyabriga qadar o‘quvchilar uchun o‘z eshiklarini ochadi.
Bundan tashqari, Japarov “Rossiya o‘qituvchisi chet elda” gumanitar loyihasini alohida ta’kidlab o‘tgan. Bu dastur doirasida 2019 yildan beri Rossiyadan kelgan malakali o‘qituvchilar Qirg‘izistondagi umumta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston aholisining asosiy qismi – 74,04 foizi qirg‘izlardan iborat. Mamlakatdagi ikkinchi eng katta etnik birlik o‘zbeklar (14,81 foiz) bo‘lib, rus millatiga mansub aholi mamlakat umumiy aholisining 4,97 foizini tashkil qiladi. Shunga qaramay, Qirg‘iziston Konstitutsiyasining 10-moddasida qirg‘iz tili davlat tili ekani, shuningdek, rus tili ham rasmiy maqomga egaligi belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov barcha davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini imzolagandi. Ushbu qonunning qabul qilinishi Rossiyaning “xavotiriga” sabab bo‘ldi va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qirg‘izistonda qabul qilingan davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilishi majburiyligi haqidagi qonunga nisbatan “demokratiyaga zid”, deya baho berdi. Vazir Markaziy Osiyo davlatlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarning qabul qilinishi tendensiyasidan xavotir bildirib, bu borada Qirg‘iziston hukumati bir necha marotaba ogohlantirilganini aytdi. Sadir Japarov Lavrovning so‘zlariga izoh berib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri qonunni o‘qimasdan turib gapirgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Avgust oyida esa Qirg‘izistonda davlat tilida efir yuritmagan telekanallar jarimaga tortildi.
LiveBarchasi